O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 3 milliard dollardan ziyodni tashkil qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev 14 aprel kuni amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.
Tashrifning asosiy tadbirlari 15 aprel kuni Ko‘ksaroyda bo‘lib o‘tdi.
Ikki davlat rahbarlari Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashar ekan, ushbu mamlakatda tinchlik va barqarorlik ta'minlanishi va iqtisodiyot tiklanishidan manfaatdor ekanini ta'kidladilar. Afg‘onistonda harbiy kuch ishlatish yo‘li bilan tinchlik o‘rnatib bo‘lmasligi, BMT shafeligida qarama-qarshi tomonlar o‘rtasida siyosiy muzokaralar o‘tkazish va o‘zaro kelishuvga erishish eng to‘g‘ri va yagona yo‘l ekanligi qayd etildi.
Prezidentlar Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolar suv resurslari mintaqamizning umumiy boyligi bo‘lib, xalqlarimiz farovonligi ko‘p jihatdan ulardan oqilona va samarali foydalanishga bog‘liq ekanligini ta'kidladilar. Transchegaraviy daryolarda gidroyenergetika inshootlari qurish masalasida BMT konvensiyalari va boshqa xalqaro hujjatlarda mustahkamlangan, xalqaro huquqning umume'tirof etilgan normalariga qat'iy rioya qilish zarurligi qayd etildi.
Ta'kidlanganidek, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Orolbo‘yidagi ekologik vaziyatni yaxshilash hamda ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga qaratilgan loyiha va dasturlarni amalga oshirishda muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Qozog‘istonga meva-sabzavotlar, transport vositalari, mineral o‘g‘itlar, qurilish materiallari va boshqa mahsulotlar, turli xizmatlar eksport qiladi. Qozog‘istondan O‘zbekistonga qora va rangli metallar, yog‘-moy mahsulotlari keltiriladi.
Mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi izchil o‘sib bormoqda. 2015 yil yakunlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 3 milliard dollardan ziyodni tashkil qilgan.
Qozog‘istonda o‘zbekistonlik ishbilarmonlar ishtirokida tashkil etilgan 151 korxona faoliyat yuritmoqda. O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokida 206 korxona, shu jumladan, 171 qo‘shma korxona ochilgan.
O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya o‘zaro aloqalarni izchil rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Joriy yil 10-11 mart kunlari Ostona shahrida mazkur komissiyaning 15-majlisi bo‘lib o‘tdi.
2007-2016 yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik strategiyasiga muvofiq savdo, sarmoya, transport, kommunikatsiyalar, bojxona, suv-energetika va innovatsiya yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar samarasi o‘zaro aloqalarga qo‘shimcha sur'at bag‘ishlamoqda.
Transport kommunikatsiyalari sohasi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Mamlakatlarning avtomobil va temir yo‘llari o‘zaro integratsiyalashgan. Bu muhim kommunikatsiya tarmog‘i uchinchi davlatlar uchun ham tranzit vazifasini o‘tamoqda.
Shu bilan Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning O‘zbekistonga amaliy tashrifi nihoyasiga yetdi.