Sport | 10:12 / 18.04.2016
1993
2 daqiqa o‘qiladi

40 yashar Oksana Chusovitina yettinchi bor Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etadi

Gimnastika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a'zosi, uch karra jahon chempioni Oksana Chusovitina Rio-de-Janeyroda 2016 yil bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlari test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi va Olimpiadaga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Bu holatda sportchi Olimpiada o‘yinlarida yetti marta ishtirok etadigan tarixdagi birinchi gimnastikachi bo‘ladi.

Olimpiada oldi test musobaqalarida 40 yoshli Chusovitina yakunda 45-o‘rinni qayd etgan. U qo‘lga kiritgan natija uning Rio-2016 o‘yinlariga borishini ta'minladi.

Oksana Chusovitina oltita Olimpiadada ishtirok etgan tarixdagi yagona gimnastikachi hisoblanadi. Sportchi 1991 yilda Sobiq Ittifoq tarkibida AQShning Indianapolis shahrida o‘tgan jahon chempionatida 2 ta oltin medal va bitta kumush medal yutgan holda o‘zining debyutini boshlagan.

Barselonadagi 1992 yilgi Olimpiadada Chusovitina MDHning birlashgan jamoasi tarkibida jamoaviy musobaqalarda Olimpiya chempioni bo‘lgan. Sportchi, shuningdek, 2008 yilgi Pekin Olimpiadasining kumush medali sohibasi, jahon chempionatlarining 3 karra chempioni, 4 karra kumush va 4 karra bronza medallari sohibasi hisoblanadi.
Chusovitina, shuningdek, Germaniya terma jamoasi safida ham ishtirok etgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish