O‘zbekiston | 11:20 / 18.04.2016
2794
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 20 apreldan 9 va 13-tramvay yo‘nalishlari yopiladi

20 apreldan boshlab 9-raqamli («Toshkent» vokzalidan «Chilonzor-26» dahasigacha harakatlangan) va 13-raqamli («Toshkent» vokzalidan «Qo‘yliq markazi»gacha harakatlangan) yo‘nalishdagi tramvaylar faoliyati to‘xtatiladi. Bu haqda UZ24 sayti «Toshshahartransxizmat»ga asoslangan holda xabar bergan.

Tramvay yo‘nalishlarini T9 va T13 raqamiga ega avtobuslar egallashi, ular aprel boshidanoq qatnashga kirishgani aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, 12 apreldan boshlab 12 va 26-tramvay yo‘nalishlari yopilgan va shaharda 4ta tramvay yo‘nalishi qolgandi.

Endilikda, O‘zbekiston poytaxtida 2ta tramvay yo‘nalishi harakatlanishda davom etadi: №8 («Beshqayrog‘och» massividan «Oqtepa» maydonigacha) va №17 («Beshqayrog‘och» massividan «Ippodrom»gacha). Bu yo‘nalishlarning yopilish muddatiga aniqlik kiritilmagan.

Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov 28 mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida kelgusi ikki oy davomida shaharda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha oltita tramvay yo‘nalishi yopilib, tramvay tarmoqlarining buzilishini ma'lum qilgandi.

Shu tariqa, shaharda 115 yildan buyon harakatlanib kelayotgan tramvaylar 2010 yilning bahorida yopilgan trolleybuslar ortidan tarixga aylanmoqda. Buning sababi sifatida ularning jamoat transportining boshqa turlariga nisbatan «samarasiz» ekanligi keltirilgan.

Shu oydan boshlab tramvaylar harakatlangan yo‘nalishlarda mos ravishda T8, T9, T13 kabi avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yildi. Bu yo‘nalishlarda Isuzu avtobuslaridan foydalanilmoqda. Sentyabr oyi oxirigacha shahar hokimiyati 80ta shunday avtobuslar sotib olib, har bir yo‘nalishga 10tadan 18tagacha avtoulov qo‘yishni rejalashtirgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish