Jahon | 11:18 / 19.04.2016
1653
2 daqiqa o‘qiladi

Avstraliya bosh vaziri mamlakat parlamentini tarqatib yuborish niyatidaligini tasdiqladi

Avstraliya hukumati raisi Malkolm Ternbull mamlakat federal parlamentini tarqatib, shu yilning 2 iyuliga parlament saylovlarini belgilash rejasi mavjudligini tasdiqladi.

"May oyida byudjyet loyihasini taqdim etgandan so‘ng, parlamentning ikki palatasini ham tarqatib yuborish va menimcha, 2 iyulga to‘g‘ri keladigan umumxalq saylovlarini belgilashni so‘rab, Avstraliya general-gubernatoriga murojaat qilmoqchiman", - degan hukumat rahbari jurnalistlar bilan suhbatda.

Avstraliya federal parlamenti dushanba kuni shoshilinch ravishda faoliyatini boshlashga majbur bo‘ldi. Odatda, aprel oyida parlamentning ikki palatasi ham ta'tilda bo‘lib, may oyida Kanberraga qaytib, ishini boshlaydi. Biroq, Ternbull, siyosiy an'anani buzib, deputatlarni muddatidan 3 hafta avval, Kanberraga yig‘ishga qaror qildi.

Hukumat raisi, parlament yuqori palatasi Senatga bir bora rad etilgan qonun loyihasini qayta kiritishga ahd qildi. Qurilish sanoati faoliyatini nazorat qiluvchi komissiyani qayta tiklashga oid qonun loyihasi esa Senat tomonidan ikkinchi marotaba ham ma'qullanmagan. Bu esa Ternbullga parlamentning ikki palatasini ham tarqatib yuborish va qisqa muddat ichida qayta saylovlarni o‘tkazish huquqini beradi.

Avstraliya saylov qonunchiligiga ko‘ra, odatdagi saylov jarayonida vakillar palatasi (150 nafar deputat) to‘liq va Senat tarkibi (76 nafar senator) yarmiga yangilanadi. Ammo Senat biron qonun loyihasini ikki marta rad etgudek bo‘lsa, bosh vazir parlamentni butunlay tarqatib yuboradi, bu esa ularning to‘liq yangilanishini anglatadi.