Obama Ukraina sharqida zo‘ravonliklar kuchayib borayotgani sababli Putinni choralar ko‘rishga chaqirdi
AQSh prezidenti Barak Obama rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinga murojaat qilib, Ukraina sharqida tobora kuchayib borayotgan zo‘ravonliklarga barham berish uchun choralar ko‘rishga chaqirgan. Ikki davlat rahbarlarining telefon orqali muloqotiga oid xabarnomasida shu haqda ma'lum qilingan.
«Ukraina mavzusida prezident Obama Putinni Ukraina sharqida tobora avj olib borayotgan jangovar harakatlarga barham berishga qaratilgan choralar ko‘rishga chaqirib, Minsk kelishuvlarini hayotga tatbiq etish tomon harakatlanish zarurligini uqdirgan», — deyiladi matbuot xizmati bayonnomasida.
Vladimir Putin o‘z navbatida, Ukrainaning yangi hukumati shakllantirilgani munosabati bilan, nihoyat "Kiyev tomoni Minsk kelishuvlarini bosqichma-bosqich amalga oshirishiga umid bildirgan", deyiladi Kreml saytida.
Rossiya davlat rahbari Donbass bilan bevosita aloqalarni yo‘lga qo‘yish, amnistiya e'lon qilish, Konstitutsion islohot o‘tkazish va Donetsk hamda Lugansk maqomi to‘g‘risidagi qonunni kuchga kiritish, Kiyev tomoni amalga oshirishi lozim bo‘lgan shartlardir, deb ta'kidlagan.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Pavel Klimkin Ukraina kelajakda Donbassdagi qurolli ziddiyatga barham berishning uddasidan chiqishiga ishonch bildirgan edi.