O‘zbekiston | 20:22 / 19.04.2016
1471
2 daqiqa o‘qiladi

Putin O‘zbekistonning RFdagi elchisidan ishonch yorlig‘ini qabul qiladi

20 aprel kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Baxrom Ashrafxonovdan ishonch yorlig‘ini qabul qilib oladi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar tarqatgan.

Xabarda aytilishicha, shu kuni Rossiya prezidenti jami 16 davlat elchilari bilan uchrashadi va ulardan ishonch yorliqlarini qabul qilib oladi.

"20 aprel kuni Rossiya Federatsiyasi prezidenti V.V.Putin xorij davlatlari elchilari bilan uchrashadi va ulardan ishonch yorliqlarini qabul qilib oladi. Qabul marosimi Kreml saroyidagi Aleksandrovsk saroyida o‘tkaziladi", deyilgan xabarda.

Qabul marosimida O‘zbekiston elchisidan tashqari, Gabon, Moldova, Tailand, Yaponiya, Boliviya, Buyuk Britaniya, Hindiston, Urugvay, Avstraliya, Pokiston, Mo‘g‘uliston, Qirg‘iziston, Indoneziya, Togo va Samoa respublikalarining Rossiyadagi yangi elchilari bo‘lishadi.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning 30 noyabrida O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan Akmal Kamalov o‘z lavozimidan ozod qilingandi.

2016 yilning 24 fevral kuni Baxrom Ashrafxanov O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangani haqida xabar berildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish