O‘zbekiston | 18:16 / 19.04.2016
9087
3 daqiqa o‘qiladi

LUKOYL O‘zbekistonda Qandim gazni qayta ishlash majmuasi qurilishini boshladi

2016 yil 19 aprel kuni O‘zbekistonning Buxoro viloyatida, Qandim gazni qayta ishlash kompleksi qurilishi boshlanishi munosabati bilan tantanali tosh qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tantanali marosimda, O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev va Rossiyaning "LUKOYL" neft kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperov ishtirok etgan.

Marosimda so‘zga chiqqan Shavkat Mirziyoyevning qayd etishicha, mazkur loyiha yirik va istiqbolli bo‘lib, rentabelli hisoblanadi. Uning qayd etishicha, O‘zbekiston tomoni loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshishi uchun zimmasidagi barcha majburiyatlarni bajaradi.

«Qandim gazni qayta ishlash majmuasi qurilishining boshlanishi bilan O‘zbekiston tabiiy gaz boyliklarini o‘zlashtirishda yangi davrga kiradi. Uni foydalanishga topshirish bilan 2 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi», - deb qo‘shimcha qilgan O‘zbekiston bosh vaziri.

«LUKOYL» neft kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperov o‘z navbatida mazkur majmua kompaniyaning O‘zbekistondagi eng yirik sarmoyaviy loyihasi ekanini ta'kidlab, unda eng zamonaviy texnologiyalar qo‘llanilib, mehnat unumdorligi va muhofazasi ijobiy tarzda o‘z yechimini topishiga ishonch bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, «LUKOYL» 2004 yildan beri "O‘zbekneftgaz" kompaniyasi bilan hamkorlikda Qandim loyihasini amalga oshirib keladi. Qandim guruhiga 6ta: Qandim, Quvachi-Olot, Oqqum, Parsanko‘l, Xoji va g‘arbiy Xoji gaz kondensat konlari kiradi.

Majmua ishga tushgach, yiliga 8,1 mlrd kubmetr oltingugurtli tabiiy gaz qayta ishlanib, tabiiy gaz va oltingugurt xom ashyosi olinadi.

Loyiha doirasida, 114ta burg‘ilash uskunalari o‘rnatiladi. 300 kilometrdan ortiq gaz quvuri yotqiziladi. Bundan tashqari, tashqi elektr ta'minoti uchun 100 kilometrdan ortiq elektr uzatish tarmog‘i barpo etiladi. 160 km avtomobil yo‘li, temiryo‘l hamda 1200 kishiga mo‘ljallangan zamonaviy ishchilar qo‘rg‘oni quriladi. Umuman, qurilish ishlari davomida 7 ming kishi ish bilan ta'minlanadi.

2015 yil fevralida «LUKOYL» kompaniyasi Hyundai Engineering boshchiligidagi pudratchilar guruhi bilan 2,662 mlrd dollarlik shartnomani imzolagan edi. Ushbu loyihaning ilk bosqichi jami 3,3 mlrd dollarga baholanmoqda. Majmua 2018 yili foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.