Haaga sudi "Yukos"ning sobiq aksionerlariga tovon to‘lash to‘g‘risidagi qarorni bekor qildi
Haaga okrug sudining tan olishicha, Rossiya federatsiyasi zimmasiga "Yukos" neft kompaniyasining sobiq aksionerlariga 50 mlrd. dollar tovon puli to‘lashni tayinlagan Haaga arbitraj sudi ushbu ishni ko‘rib chiqishga haqli bo‘lmagan, deb xabar qilmoqda RIA «Novosti» agentligi.
Qarorga keltirilgan izohda aytilishicha, «Rossiya qonunchiligini o‘rganib chiqqan mahkamaning aniqlashicha, Rossiya davlatini "Yukos" bilan bog‘liq ishlar kabi mojarolar bo‘yicha arbitraj mahkamasiga jalb etish uchun, Rossiya parlamenti ma'qullagan huquqiy asos bo‘lishi talab etiladi».
«Ammo, Rossiya qonun chiqaruvchi organlari Energetika xartiyasiga qo‘shilmagani bois, bunday qonunchilik keng yoki tor ma'noda ham umuman mavjud emas. Shunga ko‘ra, Haaga sudi, arbitraj a'zolari "Yukos" murojaati bilan bog‘liq ishni ko‘rib chiqishga xaqli bo‘lmagan, deya xulosa qiladi», — kayd etiladi hujjatda.
Rossiya tomoni himoyachilari, Haaga sudi qaroridan roziliklarini izhor qilib, 9 iyun kuni Belgiya mahkamasi ham mamlakatdagi Rossiya mulkiga nisbatan joriy qilgan hibsga olish chorasini bekor qilishiga umid qilmoqdalar.
2014 yil iyul oyida Haaga arbitraj sudi, Rossiya "Yukos" neft kompaniyasining sobiq aksionerlariga 50 mlrd dollar tovon puli to‘lashi kerak, degan qaror chiqargan edi.
Keyinchalik inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi ham, Rossiya ham "Yukos"ning sobiq aksionerlariga, 2011 yilda ko‘rib chiqilgan murojaatlariga tovon sifatida 1,86 mlrd yevro to‘lashi shartligi xususida qaror chiqargandi.