Jahon | 08:29 / 20.04.2016
1638
2 daqiqa o‘qiladi

Nyu-yorklik politsiyachi "tasodifiy" qotilligi uchun jamoat ishlariga jalb qilindi

Nyu-Yorkning Bruklin tumanidagi sud 2014 yil noyabrda xatolik tufayli bir yigitni otib o‘ldirgan sobiq politsiyachi Piter Lyanga nisbatan 800 soatlik jamoat ishlariga jalb qilish hukmini chiqardi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.

Lyan turar-joy binosini kechki kuzatuv paytida qorong‘i zinada shitir-shitir ovozini eshitib, u tomonga qarab o‘q uzgan. Oqibatda politsiyachi 28 yoshli qora tanli Akay Gerli ismli yigitni o‘ldirib qo‘ygan. Ma'lum bo‘lishicha, yigit o‘zining dugonasi yoniga kelayotgan bo‘lgan. Tabiiyki, yigit uchrashuvga hech qanday qurol bilan kelmagan.

Nyu-York politsiyasi komissari o‘shanda marhumning oilasiga hamdardlik bildirgan va bo‘lib o‘tgan voqeani "baxtsiz tasodif" deb aytgan.

Fevralda Piter Lyan qasddan odam o‘ldirmaslikda aybdor deb topilgan, unga 15 yillik qamoq jazosi xavf solgan. Biroq sud hakami prokuror politsiyachi insonni o‘ldirish tahdidiga "ongli ravishda mas'uliyatsizlik bilan qaragani" holatini isbotlay olmadi, deb hisoblab, Lyanga nisbatan anchagina "yumshoq" hukm chiqargan.