Jyeymi Karrager: «Orijini jarohatlagan Mori g‘ururlanib «Everton» emblemasini o‘pgani juda ayanchli holat edi»
«Liverpul» jamoasining sobiq futbolchisi Jyeymi Karrager jamoaning «Everton»ga qarshi o‘yini vaqtida raqiblar futbolchisi Ramiro Funes Mori tomonidan amalga oshirilgan xunuk harakatlarga munosabatini bildirib o‘tdi. Mori o‘yinning 49-daqiqasida Divok Orijiga og‘ir jarohat yetkazdi va uning zambilda olib chiqib ketilishiga sabab bo‘ldi.
«Everton» bu vaziyatda 0:2 hisobida yutqazayotgandi va bu qo‘pollikdan keyin Mori maydonni tark etgach, jamoa yana 2ta to‘p o‘tkazib yubordi.
«Futbolda bunday to‘qnashuvlar bo‘lib turadi. Menda ham, boshqa futbolchilarda ham o‘yin jarayonida raqibga qarshi bunday qo‘polliklar amalga oshirilgan. Lekin Mori maydonni tark etayotganida ko‘ksidagi emblemani o‘pdi. Shundan keyin «Liverpul» jamoasi yana 2ta gol urdi. Lekin Mori namoyishkorona tarzda nega emblemani o‘pdi? «Everton» muxlislariga yoqish uchunmi?
Birinchidan, bu futbolchi yaqindagina «Everton»ga kelgandi. Ikkinchidan, futbolchi oldindan rejalashtirib, raqib futbolchisiga aziyat yetkazish nega kerak? Muxlislar uni bu ishi uchun olqishlashi uchunmi?
Uning bu harakati tufayli «Everton» yirik hisobda mag‘lubiyatga uchradi. Mori esa jamoaning mavsum yakunidagi muhim uchrashuvini o‘tkazib yuboradi. U bilan bir chiziqda o‘ynaydigan Jagelka esa jarohat olgan. Buni bila turib futbolchining qasddan shunday ish qilishi uyatlidir. Mori nimalar qildi? «Everton» muxlislarini bunday absurd ichida qoldirish kerak emasdi», – deydi u.