Jahon | 23:08 / 21.04.2016
1092
2 daqiqa o‘qiladi

Rio-de-Janeyrodagi Olimpiadaga qurilgan veloyo‘lak konstruksiyasi qulab tushdi

21 aprelda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida Olimpiadaga qurilgan "Tim Mayya" veloyo‘lagi konstruksiyasi qulab tushdi. O Globo gazetasining hozircha tasdiqlanmagan ma'lumotlariga ko‘ra, oqibatda 2 kishi halok bo‘lgan.

Ayni vaqtda voqea joyida qutqaruvchilar ish olib bormoqda. Noxush voqea veloyo‘lakni ushlab turgan konstruksiyaga katta to‘lqin urilgandan keyin yuz bergan. Guvohlarning aytishicha, bir necha kishi pastga – sohilbo‘yidagi qoyalarga tushib ketgan va ular to‘lqin bilan dengizga olib ketilgan. Jabrlanganlardan 3 kishi vayronalar ostidan chiqarib olingan va shifoxonaga yuborilgan. Veloyo‘lakning qulagan qismi uzunligi 50 metrga yaqinni tashkil qiladi.

Veloyo‘lak rasman yanvarda ochilgandi. Uning uzunligi 4 km ga yaqinni tashkil qiladi. Veloyo‘lakdan ochiladigan manzara Rio-de-Janeyro meriyasi va aholisining alohida faxri bo‘lgandi. Veloyo‘lak sohilbo‘yi bo‘ylab, 10 metr balandlikdagi qoyalar uzra ketgan va shahar aholisi uni dunyodagi eng chiroyli veloyo‘laklardan biri deb hisoblaydi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish