O‘zbekiston | 11:30 / 22.04.2016
2628
2 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiya Taraqqiyot banki "Ipak yo‘li" aksionerlik tijorat bankining 11 foiz aksiyasini xarid qiladi

Niderlandiyaning Taraqqiyot banki, "Ipak yo‘li" ATB nizom jamg‘armasida 11 foiz ulushni sotib olishga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda, review.uz sayti bank tavakkalchiliklar menejment boshqarmasi rahbari Rustamxon Azizovga tayangan holda xabar qilmoqda.

Uning aytishicha, ATB 1997 yildan beri xalqaro moliya institutlari bilan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Bank hamkorlari orasida, Germaniyaning KfW taraqqiyot banki, Jahon bankining tuzilmaviy bo‘linmalari, xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasini alohida qayd etish mumkin.

Bugungi kungacha, bank 160 million dollardan ortiq xorijiy sarmoyani jalb eta olgan. Niderlandiya taraqqiyot banki bilan 35 million dollarlik zayom kelishuvi so‘nggi bor 2015 yil 31 iyulida imzolangan edi.

Bundan tashqari, Niderlandiya moliya muassasasi, «Ipak yo‘li» ATB nizom jamg‘armasiga sarmoya kiritish niyatini ham bildirgan. Ayni vaqtda, bu borada muzokaralar olib borilmoqda. 2017 yil birinchi yarim yilligida bitimga erishish kutilmoqda.

Ta'kidlash joizki, hozirda «Ipak yo‘li» banki tarkibida xorijiy sarmoyador mavjud. Osiyo taraqqiyot banki ATB nizom jamg‘armasida 13 foizdan ortiq aksiyaga egalik qiladi.