Jamiyat | 20:26 / 22.04.2016
5434
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston DSENM vakili banandan OITS yuqishi haqidagi vahimalar o‘rinsiz ekanini ma'lum qildi

Internetdagi yangi vahima: “Banandan OITS yuqar ekan...”

Ijtimoiy tarmoqlar orqali "banandan OITS yuqishi" haqida vahimali xabar paydo bo‘ldi va bu vahimali xabarlar turli muhokamalarni keltirib chiqardi.

Nahotki, endi banan yeyish mumkin bo‘lmasa?

“Shoshiling! Do‘stlar, men hayratdaman.... Yozyapmanu, qo‘llarim titrayapdi. Banan sotib olmang. Mana, hozir bananning ichi qon bilan to‘la ekaniga guvoh bo‘ldim”.

Ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘layotgan mana shu kabi gap-so‘zlar atrofida bir tomoni qizargan banan mevasining rasmi va undan gepatit V va OITS kasalliklari tarqalayotganligi haqidagi xabarlar avj ola boshladi, deb yozadi “Darakchi” gazetasi.

Gazeta ushbu holat yuzasidagi savollar bilan Respublika Davlat Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi o‘rinbosari Nuriddin Toshboyevga murojaat qildi.

— Avvallambor shuni aytish kerakki, OITS va Gepatit V kasalliklari faqat qon orqali yuqadi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mazkur kasalliklarning banandan yuqishi borasidagi fikrlar asossiz. Sababi, infeksiyaning yuqishi uchun sharoit bo‘lishi kerak.

Agar banan va boshqa mevalar Gepatit V va OITS kasalliklarining qo‘zg‘atuvchilari bilan zararlantirilgan holda ham, u yerda virus rivojlanadigan muhit yo‘qligi sababli nobud bo‘ladi.

Bu ikkala kasallik ham og‘ir turdagi yuqumli kasallik hisoblanadi.

Gepatit V da kompleks davolash amali shifokor nazorati ostida bajarilganida, 1-1,5 yilda tuzalib ketadi. Agar vaqtida to‘laqonli avolanmasa, jigarning funksional buzilishiga va kasallikning og‘ir asorati — jigar sirroziga olib keladi.

O‘zbekiston Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi o‘rinbosari Nuriddin Toshboyevning ta'kidlashicha, respublikaga kirib kelayotgan nafaqat banan, balki barcha turdagi oziq-ovqat mahsulotlari O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilangan tartibda tekshiruvdan o‘tadi. Mahsulotning sifatini kafolatlovchi “O‘zstandart” agentligining “Muvofiqlik sertifikati” hamda xavfsizligini ta'minlovchi Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining “Sanitariya-epidemiologik xulosasi” olinadi.

Ma'lumot uchun, banandan odamga OITS yuqishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar yaqin xorij mamlakatlarida deyarli har yili paydo bo‘ladi. Masalan, 2014 yili Qozog‘istonda OITS nafaqat banandan, balki apelsindan ham yuqishi haqida gap-so‘zlar tarqatilgan, 2015 yili Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi aholi orasida vahimani bosish uchun banan orqali OIV yuqishi imkoni yo‘qligi haqida bayonot bergan, mish-mishlar Chechenistongacha yetib borgan. Uning kelib chiqish tarixi esa Buyuk Britaniyaga borib taqalishi haqida xabarlar berilgan.