Jamiyat | 18:31 / 23.04.2016
6493
3 daqiqa o‘qiladi

Gulbahor Erqulova Ozodbek Nazarbekovning jonli ijrodagi konsertini qoraladi

Yodingizda bo‘lsa, O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov joriy yilning 10-20 aprel kunlari “Istiqlol” san'at saroyida “Mehring sabab” nomli konsert dasturini taqdim etgan edi. Ushbu konsert yuzasidan fikrlarini aniq va dadil bayon etgan Gulbahor Erqulova Qalampir.uz saytiga bergan intervyusida O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovni tanqid qildi.

Maqola boshida jurnalist Ozodbek Nazarbekovning konsertiga borgani, konsert ssenariysi juda bo‘sh tayyorlangani, qo‘shiqlar ustida jiddiy ishlanmagani, raqqosalarning sahna harakatlari va dekoratsiyalarda ham kamchiliklar ko‘pligini tomoshabinga nisbatan hurmatsizlik deb baholab, konsertning yarmidan zalni tark etgani, bunday fikrlarni faqat jurnalist emas, balki konsertga borgan boshqa yosh xonandalar ham aytgani haqida keltirib o‘tgan.

Bir oz avval Rayhon G‘aniyeva, Shahzoda, Lola Yo‘ldosheva va O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitovani tilga olib, ularning ijodini hamin qadar deb baholagan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Erqulova galdagi achchiq fikrlari bilan Ozodbek Nazarbekovni nishonga oladi.

O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning suratini Facebook’dagi sahifasiga joylashtirib, Ozodbekning konserti haqidagi mulohazalarini yozib qoldiradi. Doim jonli ijroda kuylashni ilgari suradigan Erqulova Nazarbekovning jonli ijrodagi konsert dasturini qoralaydi.

“Kontsertlarda jonli kuylash qahramonlik emas, degan fikrlar ko‘p bo‘lyapti. Albatta, o‘zini va xalqni hurmat qilgan san'atkor jonli kuylashi shart”, deb yozadi Erqulova o‘zining Facebook’dagi sahifasida. Xonanda qayd etgan bu fikrlarni ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham tasdiqlaydi.

Shuningdek, xonanda “san'atkorlarning xalqni mensimay ketishi va konsertlarda jonli ijroda kuylamasligi”da tomoshabinlarni ham ayblaydi.

“Jonli ijroda bo‘lsin deb muhokama qilingani bilan fonogrammadagi konsert dasturlarida zal bo‘sh qolmayotgandan keyin, san'atkorlar ham shunga yarasha yo‘l tutishi”ni kuyunchaklik bilan gapirgan Erqulova “kuniga ikki seans qo‘yilayotgan konsertlarda ham odamlar fonogrammani eshitib ketayotganini, bularga faqat qonun yo‘li bilan chek qo‘yilmasa, shu alfozda qolaverishi”ni aytadi.

Muxlislardan biri esa Gulbahor Erqulovaning ushbu fikrlariga javoban: “Jonli ijroda bo‘ladi deyishganiga ishonib borgan edik. Kontsertga kirgan odamlarning 70 foizini ko‘ngli sovub ketdi. Ikki seans konsert beraman, deb yaxshi tayyogarlik ko‘rishmagan. Birinchi qo‘shiq tugamay, ikkinchisiga ulanib ketyapti. O‘rtada qarsak chalish degan narsalar ham yo‘q” deya o‘z mulohazalarini qayd etadi.