Iqtisodiyot | 18:32 / 24.04.2016
8017
2 daqiqa o‘qiladi

Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga mikrokreditlar berishning yangi tartibi ishlab chiqildi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bank boshqaruvining 2016 yil 16 yanvardagi 1/10-sonli qarori bilan «tijorat banklari tomonidan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga mikrokreditlar berish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi va adliya vazirligida 2016 yil 3 fevralda 2758-son bilan davlat ro‘yxatiga olindi.

Mazkur Nizomning talab va shartlari haqida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Tijorat banklarining investitsiyalar portfelini monitoring qilish departamenti boshqarma boshlig‘i Komil Ahmedov “Darakchi” gazetasiga ma'lumot beradi.

— Mikrokerdit miqdori tadbirkorlik faoliyatini yuritish istagida bo‘lgan qarz oluvchining tashkiliy-huquqiy shakliga qarab farqlanadi. Xususan, qarz oluvchi, ya'ni kasb-hunar kolleji bitiruvchisi yuridik shaxs tashkil etmagan holda faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining 200 baravarigacha miqdorda beriladi, — dedi Komil Ahmedov.
— Yuridik shaxs tashkil etgan holda faoliyat yuritsa, qarz oluvchilarga eng kam oylik ish haqining 300 baravarigacha miqdorda kredit mablag‘lari ajratiladi.
Tijorat banklari tomonidan ajratiladigan imtiyozli kredit mablag‘lari qaytarish muddatini uzaytirish huquqsiz beriladi.
Mikrokredit qarz oluvchiga kredit ajratilayotgan loyihaning o‘zini o‘zi qoplashi hisobga olgan holda berilib, muddatlar ana shu jihatdan belgilanadi.

Jumladan:
Faoliyatni boshlash uchun aylanma mablag‘larni shakllantirishga, investitsiya loyihasining texnik iqtisodiy asosini ishlab chiqish uchun 12 oy muddatgacha;
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlashni tashkil etish uchun aylanma mablag‘larini to‘ldirishga, shuningdek, asbob-uskunalarni sotib olishga 2 yil muddatgacha;
Investitsiya loyihalarini moliyalashtirish maqsadida bo‘lsa, mikrokredit 3 yildan ortiq muddatga beriladi.