Jahon | 19:18 / 24.04.2016
1723
2 daqiqa o‘qiladi

Kerri Rossiyaga Suriya hududini bo‘laklash taklifini bildirdi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri The New York Times nashriga bergan intervyusida AQSh Rossiya bilan Suriyada o‘t ochishni to‘xtatish tartibini 24 soat monitoring qilish tizimi bo‘yicha kelishib olganini hamda Moskvaga Suriya hududini jangovar harakatlardan xoli bo‘lgan hududlarga bo‘lishni taklif qilganini aytdi.

"Biz chiziq o‘tkazishni va "Siz bu yerga kirmang, biz bu yerga kirmaymiz, o‘rtadagi qolgan hududda esa halol o‘yin olib boriladi" deyishni taklif qildik", deb aytdi Kerri. U Rossiya bu taklifni ko‘rib chiqayotgani va "keyingi hafta ichida yoki shu atrofda" qaror qabul qilishini ma'lum qildi.

Kerri Rossiyaning diplomatik sa'y-harakatlari umid berayotganini ta'kidlab o‘tdi, biroq u Moskvaning Suriyadagi asosiy maqsadi terrorchilikka qarshi kurash ekanligi haqidagi bayonotlariga uncha ishonmasligini aytdi.

"Biz Rossiya Asad tuzumini qo‘llab-quvvatlashi va muxolifat bilan kurashishiga qo‘l qovushtirib qarab o‘tirmoqchimasmiz", deb aytdi Kerri. U AQSh "bunga yo‘l qo‘yadigan darajada ahmoq emas" deb ta'kidlab o‘tdi.

RIA “Novosti”ning Rossiya tashqi ishlar vazirligidagi manbasi Kerrining bayonotiga izoh berib, Moskva AQShning Suriyada yarashuv tartibini kuchaytirish taklifini ko‘rib chiqishini ma'lum qildi.