Jahon | 08:03 / 24.04.2016
1706
2 daqiqa o‘qiladi

Vashington metrosida yong‘in chiqdi

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari 23 aprelda kechki payt Vashington metrosi stansiyasida portlash ovozi eshitilgani va yong‘in chiqqanini ma'lum qilishdi.   

Ma'lum qilinishicha, portlash mahalliy vaqt bilan soat 19:15da Tenlitaun stansiyada yuz bergan. Shundan keyin yong‘in chiqqan. Voqea joyiga 8 ta o‘t o‘chirish mashinasi va tez tibbiy yordam mashinalari yetib kelgan.

Voqea guvohlari Vashington transport boshqarmasining noto‘g‘ri harakatlaridan shikoyat qilishgan. Ularning aytishicha, boshqarma bu holatda yo‘lovchilarga tegishli ko‘rsatmalar bermagan va buning oqibatida yo‘lovchilar orasida ortiqcha sarosima kelib chiqqan.

Kolumbiya okrugi o‘t o‘chirish-qutqaruv xizmati voqea oqibatida hech kim jabrlanmaganini ma'lum qildi. Xizmatning ma'lum qilishicha, kuchli tutunlanish o‘chog‘i stansiyaning texnik hududida bo‘lgan, bu yerda izolyatsiya materiali yonib ketgan. Tutun Tenlitaun va Frendship Xayts stansiyalari orasidagi tunnelni qoplagan.

Tenlitaun stansiyasi yopilgan, poyezdlarning bu qismdagi qatnovi to‘xtatilgan. Odamlar uchun maxsus yo‘nalishda qatnovchi avtobuslar taqdim qilingan.