Jahon | 19:47 / 26.04.2016
1728
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh 11 sentabrga oid hujjatlar sirlarini ochadi

AQSh 2016 yilning yoz oylarida 11 sentabr teraktiga doir hujjatlarni ommaga fosh qilmoqchi. AQSh Milliy razvedkasi rahbari Jyeyms Klepper shu haqida jurnalistlarga ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, iyun oyiga borib hujjatlarning 28 varag‘idan sirlilik maqomi olib tashlanadi. Bu haqida Meduza nashri xabar berdi.

Hujjatlarni omma e'tiboriga havola etishni terakt qurbonlarining qarindosh-urug‘lari hamda huquqshunoslar talab qilishgan. Kongressning bir necha a'zolari hujum uyushtirilishida Saudiya Arabistonining o‘rni bilan bog‘liq xabarlar tufayli bu tashabbusga qo‘shilishdi, chunki bu ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Ba'zi mansabdor shaxslar sir tutilgan hujjatlarda Saudiya Arabistonining terrorchilarga ko‘rsatgan yordami to‘g‘risida ma'lumotlar bor deb hisoblashadi.

Eslatib o‘tamiz, 2001 yilning 11 sentabrdagi teraktlar natijasida deyarli uch ming kishi halok bo‘lgan. Hujum uchun javobgarlik “Al-Qoida” tashkiloti zimmasiga yuklangan.

Teraktning 19 nafar ishtirokchisidan 15 nafari Saudiya Arabistoni fuqarosi bo‘lgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish