Sport | 10:31 / 26.04.2016
1582
2 daqiqa o‘qiladi

Harri Keyn: «Umid qilamanki, «MYu» keyingi turda «Lester»ga yutqazib bermaydi»

«Tottenhem» jamoasi hujumchisi Harri Keyn «Vest Bromvich»ga qarshi ochko yo‘qotilgan o‘yindan keyin, «shporlar»ning turnir jadvali peshqadami «Lester»dan 7 ochkoga ortda qola boshlaganiga munosabatini bildirib o‘tdi.

«Hali hech narsa yo‘qotilganicha yo‘q. Biz oxirigacha kurash olib boramiz. Bu o‘yinda g‘alaba qozonishimiz kerakligini bilardik, lekin durang o‘ynab qo‘ydik. Bundan juda xafamiz.

Bizda yetarlicha yaxshi imkoniyatlar bo‘lgandi. Birinchi taymdayoq barchasini hal qilishimiz mumkin bo‘lgandi. Ikkinchi bo‘limdagi o‘yinimiz esa qovushmadi.

Agar ikkinchi bo‘limda ham birinchi bo‘limdagi kabi o‘ynaganimizda edi, biz osonlik bilan g‘alabaga erishardik. Lekin bu futbol. Bizda imkoniyat saqlanib qolgan ekan, kurashishda davom etamiz.

Keyingi o‘yinda «Chelsi»ga qarshi qiyin uchrashuv o‘tkazamiz. Umid qilamanki, «Manchester Yunayted» bizga yordam beradi va «Lester»ga yutqazmaydi», – degan Keyn.

Qolgan 3 turda «Lester» «MYu», «Everton» va «Chelsi» jamolariga qarshi o‘yinlar o‘tkazadi. «Tottenhem»ning raqiblari esa «Chelsi», «Sauthempton» va «Nyukasl».

Qayd etish kerakki, «Tottenhem»ning ashaddiy raqiblari «Chelsi» futbolchilari hamda muxlislari bu jamoaning chempion bo‘lishini umuman istamayapti. Avvaliga Fabregas, keyinroq Eden Azar shu haqda aytib o‘tishgan.