Jahon | 16:37 / 27.04.2016
10243
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Rossiya, Eron va Isroil munosabatlari murakkab uchlikni ifodalaydi

Rossiya, Eron va Isroil munosabatlari tobora chalkashib va murakkab uchburchakka o‘xshab borayapti, deb yozmoqda Britaniyaning The Guardian nashri.

Gazetaning qayd etishicha, Tehron ancha vaqtdan beri Moskva bilan aloqalarni yaxshilash tarafdori bo‘lib kelmoqda. Yaqinda Eron parlamenti spikeri Ali Larijoniyning TASS agentligiga bergan intervyusida «Sharqqa, birinchi navbatda Rossiyaga qarab yo‘nalish strategik maqsad hisoblanadi», deyishi ushbu fikrni isbotlashi mumkin.

Rossiya Eron uchun, ittifoqchisi Bashar Asadni qo‘llab-quvvatlashda ittifoqchi va jahon gaz bozorida gaz narxiga keskin ta'sir eta oladigan salohiyatli hamkor hisoblanadi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy hamkorlik ham yaxshilanmoqda. Moskva rasmiy Tehronga S-300 raketa majmualarini yetkazib berish niyatida.

Shunga qaramasdan, mamlakatlar o‘rtasida jiddiy qarama-qarshiliklar ham yo‘q emas. Garchi Rossiya Eron bilan yadro energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan bo‘lsa-da, u na 2006 yili Eron yadro dasturiga oid hujjatlarning BMT Xavfsizlik kengashida muhokamasini, yoinki undan keyin Tehronga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni to‘sib qo‘ydi. Ikki davlat o‘rtasidagi eng asosiy ziddiyatli masala, bu rasmiy Moskvaning Isroil bilan mustahkam aloqalaridir.

Isroil razvedkasi sobiq josusi Yossi Alferning nashrga bildirishicha, Rossiya va Isroilning Suriya masalasida qarashlarini muvofiqlashtirishi muvaffaqiyat garovi bo‘lgan va Yaqin Sharqdagi jiddiy strategik o‘zgarishlardan darak bermoqda. Albatta, rus samolyotlarining Jo‘lon tepaliklari ustidan uchib o‘tishi qaltislikni keltirib chiqarishi mumkin edi. Biroq tomonlar bu masalada ham o‘zaro tushinishga erishdi, deydi Isroilning sobiq josusi.