Parkentda xodimlar va o‘quvchilardan asossiz ravishda pul yig‘ish bilan shug‘ullangan kollej direktori jazolandi
Dilshod Jamilov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 2013 yilning aprel oyida Parkent tumanidagi kasb-hunar kollejlarining biriga direktor vazifasiga tayinlangach, uning zimmasiga yuksak mas'uliyat yuklandi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.
D.Jamilov 2014 yilning yanvar oyida dastlabki “yig‘-yig‘”larni metall chiqindilarini topshirish haqidagi buyruq olingandan keyin boshladi. Belgilangan majburiyatni bajara olmagan guruh rahbarlaridan esa 300 ming so‘mdan pul talab qiladi.
Shu tariqa D.Jamilov noqonuniy yo‘l bilan 1 mln 94 ming so‘m pulni qo‘lga kiritadi.
O‘sha yilning kuziga borib, direktor daladagi yig‘im-terim mavsumiga hasharchi olib kelish bahonasida xodimlarning oylik ish haqlaridan kelib chiqib, “yig‘-yig‘”larni boshlaydi va ulardan 100 ming so‘mdan 600 ming so‘mgacha pul oladi. Hatto bu jarayondan kollej o‘quvchilari ham chetda qolmaydi. Topgan pul, topmagan kartoshka, piyoz, go‘sht ko‘tarib kelsa ham, direktor olib qolaveradi. Shu tariqa, o‘quv dargohining rahbari yig‘im-terim mavsumida 48 mln 200 ming so‘m pullarni homiylik yordami sifatida kollej binosini ta'mirlash hamda atrofini ko‘kalamzorlashtirish maqsadida yig‘ishni boshlab yuboradi. Bu safar ham oz emas, 9 mln 167 ming so‘m mablag‘ yig‘ib olgan D.Jamilov pullarni asossiz qurilishlarga ishlatib yuboradi.
2014 yilning noyabr oyida kollej o‘qituvchilari Salim Turdiyev hamda Dilmurod Sanginov metall chiqindilarini yig‘ish rejasini bajarmaganligi direktorning yodiga tushadi va ularni xizmat xonasiga chaqirib, har biri 350 ming so‘mdan, jami 700 ming so‘m berishi kerakligini talab qiladi. Rahbarning ushbu talabi noqonuniy ekanligini anglagan o‘qituvchilar bu haqda tegishli joyga ariza bilan murojaat qilishadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi “yig‘-yig‘”larga mukkasidan ketgan D.Jamilovga qilmishlariga yarasha jazo tayinlab, hukm chiqardi.