Sport | 19:52 / 27.04.2016
7916
1 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda belbog‘li kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi

Xorazmda 1999-2000 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar va qizlar o‘rtasida belbog‘li kurash bo‘yicha mamlakat chempionati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 250 dan ziyod yosh polvon g‘oliblik uchun gilamga chiqdi.

– Yoshlar orasida belbog‘li kurashga qiziqish tobora ortmoqda, – deydi belbog‘li kurash bo‘yicha Xorazm viloyati yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Usmonjon Muhammadov. – Xorazmlik yosh sportchilar bu yilgi sport musobaqalari mavsumini omadli boshladi. Mazkur musobaqaning o‘zida ular 1 oltin, 3 kumush va 7 bronza medalini qo‘lga kiritgani ham fikrimiz dalilidir.

Musobaqada turli vazn toifasida g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, ularga diplom, medal va esdalik sovg‘alari topshirildi.