BMTda Halabdagi gumanitar vaziyat "falokatli" deb aytildi
Halabdagi gospitalga tungi payt aviazarbalar berilgani va insonparvarlik yordamining yetkazib berilishi to‘silishi xatarlari sababli hududdagi vaziyat "falokatli" darajaga yetdi, deb aytdi BMTning Suriya bo‘yicha maxsus elchisi maxsus maslahatchisi Yan Egelan. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma'lum qildi.
"Men yaqin soat va kunlarda xatarlar qanchalik yuqoriligini ta'riflashga ham ojizman", deb aytdi Egelan va vaziyatning jiddiyligiga shubha qilmayotganini qo‘shimcha qildi.
Egelan may oyi davomida 35 ta qamal qilingan va yetib borish qiyin bo‘lgan hududlarga borishni ta'minlashga chaqirdi.
Avvalroq Halabdagi "Al-Quds" gospitaliga aviazarba berilishi oqibatida 27 kishi halok bo‘lgani ma'lum qilingandi. Gospital jangarilar nazoratidagi hududda joylashgan bo‘lgan.
Qizil Xoch xalqaro qo‘mitasining Jyenevadagi vakili Valter Grosning aytishicha, Halabdagi odamlar gumanitar falokat yoqasida yashamoqdalar. "Qayerda bo‘lmang, minomyot snaryadlari portlashi va boshingiz uzra uchib o‘tayotgan samolyotlar ovozini eshitasiz. Shahar yonidagi barcha narsa vayron bo‘lgan. Odamlar o‘z hayotlari uchun qo‘rmoqdalar, hech kim ertaga nima bo‘lishini bilmaydi", deb aytib o‘tdi Gros.