Jamiyat | 11:59 / 28.04.2016
5377
6 daqiqa o‘qiladi

Maxsus reportaj: Yaponiyadagi zilzilaga guvoh bo‘lgan o‘zbekistonlik talaba bilan suhbat

14 aprelda Kyusyu orolidagi Kumamoto va Oita prefekturalarida 6,5 magnitudali kuchli zilzila ro‘y berdi, ikki kundan so‘ng yanada kuchli 7,3 magnitudali yer silkinishi sodir bo‘ldi. Bugungi kunga qadar Kyusyu orolida umumiy hisobda 880dan ortiq yerosti silkinishlari qayd etildi. Buning natijasida 48 kishi halok bo‘ldi, 2 kishi izsiz yo‘qoldi.

Bugungi suhbatdoshimiz Barno Vafayeva ham Yaponiyadagi zilzila qurshovida qolib, tabiiy ofatlarga o‘z ko‘zi bilan guvoh bo‘ldi. Barno ikki yildan beri Yaponiyadagi oliygohlarning birida tahsil oladi. U Yaponiyada sodir bo‘lgan kuchli yer qimirlashlari vaqtida xavfli hududda bo‘lgan. Bugun biz Barno bilan suhbat qurib, uning zilzila vaqtida yaponlar qanday yo‘l tutishi, ularning tabiiy ofatlar chog‘idagi o‘zini tutish madaniyati to‘g‘risida fikrlari bilan tanishdik.

Barno, Yaponiyadagi tahsilingiz haqida ma'lumot bersangiz?

– Men 2014 yilda Yaponiyaning APU (Asia Pacific University) universitetiga grant asosida o‘qishga qabul qilindim. Hozirda Xalqaro munosabatlar fakultetining 2-bosqich talabasiman. Kelajakda O‘zbekistonning boshqa davlatlar bilan aloqalarini yaxshilashga va ular o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga o‘z hissamni qo‘shish niyatidaman. Yoshligimdan xorijiy universitetda boshqa yurt vakillari bilan birga tahsil olish niyatida bo‘lganman. APU universitetida 80dan ortiq millat vakillarining bir joyga jamlanishi tanlagan sohamni yanada kengroq o‘rganishimda katta yordam berishiga ishonaman.

Darslardan bo‘sh vaqtingizda nimalar bilan shug‘ullanasiz?

– Hozirda o‘z mutaxasisligimga doir darslardan tashqari, yapon tilini ham o‘rganyapman. Yapon tilini yanada mukammal o‘rganish uchun, yaponlar bilan iloji boricha ko‘proq muloqotda bo‘lishga harakat qilyapman.

Yaqinda Yaponiyaning turli hududlarida kuchli zilzilalar qayd etildi? O‘sha vaqtda ko‘nglingizdan nimalar o‘tdi? Qo‘rqmadingizmi?

– Yaponiyaga kelishimdan avval, mamlakatda ko‘p yer qimirlashi haqida eshitib, ozgina xavotirga tushgan edim. Lekin bu yerga tashrif buyurgach, bir yarim yil ichida hech qanday zilzila kuzatilmagan edi. Kyusyu oroli Yaponiyaning eng kam zilzila sodir bo‘luvchi orol hisoblanganligi sababli, yaqinda bo‘lgan kuchli yer qimirlashlari nafaqat chet ellik talabalarni, balki yaponlarni ham qattiq hayratga soldi. O‘sha kuni hech qachon yoddan chiqmaydi. Tungi soat 1:25 da ro‘y bergan qattiq yer silkinishidan mendan ham ko‘proq xonadosh dugonam juda qo‘rqib ketdi. Bu vaziyatda o‘zimni qo‘lga olib, uni tinchlantirishga harakat qildim. Yer qimirlashi to‘xtagan bo‘lsa ham, uyimizdagi barcha buyumlar yerga tushib, chil-chil singani bizni yanada vahimaga soldi. Biz birgalikda tashqariga chiqdik. Atrofimizda yashovchi barcha qo‘shnilar ham ko‘chada ekan. Shu payt yana 3-4 marta qattiq zilzila sodir bo‘ldi. Shundan so‘ng, darhol uyga kirib, hujjatlar va eng zarur buyumlarimizni olib evakuatsiya hududiga yo‘l oldik.

Yaponiyadagi barcha maktab va bog‘chalarda maxsus evakuatsiya uchun qurilgan sport zallari bor ekan. Biz uyimizga yaqin bo‘lgan bog‘chaga bordik. U yerda bizga ichimlik suvi va uxlash uchun ko‘rpa-to‘shaklar keltirib berishdi. Yer qimirlashi yana 15-20 daqiqa davom etgani sababli tunni shu yerda o‘tkazdik.

Yaponlarning tabiiy ofat, zilzila vaqtida o‘zini qanday tutishadi?

– Zilzila vaqtida shuni bildimki, yaponiyaliklar doimo tabiiy ofatlarga tayyor turishar ekan. Nafaqat yoshi kattalar, hattoki, kichik yoshdagi bolalar ham zilzila ro‘y berganda qanday choralar ko‘rish kerakligini bilishadi. Chunki, Yaponiyada bolalar bog‘cha yoshidanoq tabiiy ofatlar vaqtida qanday yo‘l tutish kerakligi haqida maxsus darslardan saboq olishadi.

Yaponlar bu kabi vaziyatldarda bir-birini qanday ximoya qilishadi? Qutqaruvchilar qancha muddatda yetib kelishdi?

– Yaponiyaga kelganimda meni hayratlantirgan narsa - bu yaponlarning inson xavfsizligi uchun qanchalik jon kuydirishi va mas'uliyatga jiddiy qarashi. Yer qimirlagan vaqtida ham qo‘rquvga tushmay, ishlashda davom etayotgan do‘kon xodimlarini ko‘rib, qoyil qoldim. Yaponlar uchun xavfsizlik juda muhim bo‘lgani sababli, qutqaruvchilar bilan birga oddiy aholi ham evakuatsion zonalar haqida zudlik bilan xabar tarqatib, sarosimada qolgan insonlarni tezroq qutqarishga harakat qilishdi.

Zilzila o‘qish jarayoniga qanday ta'sir ko‘rsatdi?

– Universitet darslari bekor qilinib, barcha evakuatson hududlarda talabalar va shahar aholisi yegulik hamda uxlash joyi bilan ta'minlandi. Bir necha kun davom etgan zilzila oqibatida ko‘plab talabalar Yaponiyaning boshqa shaharlariga ketishdi.

Zilzila davomida nafaqat universitet xodimlari, balki shahar aholisi ham talabalar uchun qayg‘urib, ularga qo‘ldan kelgancha, yordam berishga harakat qilishdi. Bunday og‘ir vaziyatda Yaponiyadagi O‘zbekiston elchixonasi vakillari ham talabalar bilan aloqaga chiqib, yordamga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Feruza Avazova suhbatlashdi.

Достонбек Матёкубов
Tayyorlagan Достонбек Матёкубов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish