Arsen Venger: «Umid qilamanki, «Arsenal»dan ketganimdan keyin jamoa YeChLda g‘olib bo‘ladi»
«Arsenal» jamoasi bosh murabbiyi Arsen Venger jamoasining APLning bu mavsumdagi chempionlik poygasidagi ishtiroki muvaffaqiyatsiz chiqqani haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.
«Umid qilamanki, men «Arsenal»dan ketganimdan keyin jamoa yanada kuchayib, YeChLda g‘olib bo‘la oladi va ichki chempionatda har yili chempion bo‘lishga odatlanadi. Men esa bu vaqtda «Arsenal»ni tribunalarda qo‘llab-quvvatlab turadigan eng katta muxlisi bo‘laman. Qolaversa, kelgusidagi muvaffaqiyatlarda mening ham hissam bo‘ladi.
Shuni unutmaslik kerakki, biz og‘ir davrni boshdan kechirdik. Yangi stadion qurganimizda zarurat tufayli yetakchi futbolchilarni transferga qo‘ydik va jon saqlab qoldik. Lekin shunday vaqtda ham biz har yili YeChLda ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritib keldik. Jamoa raqobatbardoshligini saqlab qoldi.
Joriy mavsum biz uchun biroz qayg‘uli tugumoqda, holbuki biz chempion bo‘lish uchun yaxshi imkonga ega bo‘lgandik. Angliya Kubogi va Angliya Superkubogidagi g‘alabalardan keyin yana bir asosiy sovrinni qo‘lga kiritish uchun haqli edik. Ammo bunday bo‘lib chiqmadi va bu barcha muxlislarni qattiq ranjitganini to‘g‘ri tushunaman», – deydi Venger.
«Arsenal» 35-tur o‘yinlaridan keyin 64 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinni band etgan. Jamoa keyingi turlarni «Norvich», «Manchester Siti» va «Aston Villa»ga qarshi o‘tkazadi.