Sport | 07:19 / 01.05.2016
3690
2 daqiqa o‘qiladi

"Lester" APL chempioni bo‘lsa 135 mln dollar oladi

"Lester Siti" Angliya Premer-ligasida chempionlikni qo‘lga kiritsa, telenamoyishlarga huquqni sotishdan 93 mln funt sterling (135,8 mln dollar) ishlab oladi. Bu haqda Mirror nashri xabar bermoqda.

APLning har bir klubi o‘z o‘yinlariga telenamoyishlarga huquqni sotishdan o‘rtacha taxminan 54 mln funt sterling (78,9 mln dollar) oladi. Yakuniy qiymat jamoaning musobaqa jadvalidagi o‘rni va uning ishtirokida jonli efirda ko‘rsatilgan o‘yinlarning soniga bog‘liq bo‘ladi.  

O‘tgan mavsum natijalariga ko‘ra "tulkilar" chempionatda 14-o‘rinni egallashgandi va 72 mln funt sterling (105,2 mln dollar) olishgan. Joriy mavsum bo‘yicha bu qiymatning oshishi Klaudio Raneri shogirdlarining chempionlik unvonini qo‘lga kirita olishlariga bog‘liq bo‘ladi. Bundan tashqari, klub Chempionlar Ligasiga chiqa olgani uchun ham yirik mukofot puli oladi.

"Lester" chempionatning 35-turidan keyin 76 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. "Tulkilar" 36-turda "Manchester Yunayted"ga qarshi uchrashuvda chempionlikni muddatdan avval rasmiylashtirishlari mumkin. Buning uchun ular "MYu"ni yutishlari kerak bo‘ladi.

Uchrashuv bugun, 1 mayda "MYu"ning uy maydoni "Old Trafford"da bo‘lib o‘tadi va Toshkent vaqti bilan 18:05 da boshlanadi.    

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish