Vetnamda yuzlab kishilar ko‘ldagi baliqlar qirilib ketgani tufayli namoyishga chiqishdi
Vetnamda kamdan-kam kuzatiladigan hodisa ro‘y berdi - yuzlab kishilar namoyish o‘tkazishdi. Mamlakat poytaxti Xanoyda o‘tkazilgan namoyishlarga markaziy hududlardagi suvlar qirg‘oqlarida tonnalab baliqlarning o‘ligi topilgani sabab bo‘lgan.
Namoyishchilar bu fojiaga tayvanliklarning po‘lat ishlab chiqaruvchi kompaniyasi Formosa Plastics faoliyati sabab ekanini, hukumat bu borada tekshiruvlar o‘tkazganiga qaramasdan hech qanday qoidabuzarlik qayd etilmaganidan norozi bo‘lishgan.
Vetnamliklar hukumatning bu voqeaga yetarli darajada e'tibor qaratmayotganini iddao qilishmoqda.
Qirg‘oqqa o‘lik baliqlar chiqib qolishi 1 oy oldin aniqlangandi. Bu hodisaga nima sabab bo‘lgani rasman ma'lum qilinmagan. Turli manbalarda suvlarning ifloslangani aytilmoqda.