Jahon | 12:40 / 06.05.2016
7491
2 daqiqa o‘qiladi

Xomeneiy: AQSh Islom, Eron va shialarga qarshi urushmoqda

Eron diniy rahnamosi va oliy rahbari oyatulloh Ali Xomeneiy "bugungi kunda Amerika siyosati Islom, Eron va shialarga qarshi kurashishdan iborat", - deya bayonot berdi. 

"Fors" agentligining xabar qilishicha, Eron islom respublikasi rahbari Tehronda musulmon davlatlar elchilari, Eronning oliy mulozimlari va oddiy fuqarolari bilan uchrashuv o‘tkazgan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh yetakchilari Eronni o‘z siyosatini amalga oshirishdagi to‘siq, deb baholashmoqda. 

Xamenei, shuningdek, Islom va Eronni vayron qilishga qaratilgan siyosati uchun Vashingtonni keskin qoraladi. 

"Yaqinda amerikaliklar Eronning mintaqadagi siyosati qator sanksiyalar va o‘zaro aloqalarning keskinlashuviga olib kelgani xususida aytishgan edi", -deydi Xomeneiy. 

Uning ta'kidlashicha, Islom nomi bilan turli dahshatli jinoyatlarni sodir etayotganlar, G‘arb davlatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan xoin va pulga sotilgan (terrorchi) guruhlardir. 

"G‘arb davlatlari go‘yoki IShIDga qarshi koalitsiya tuzganini da'vo qilishadi, aslida esa ular guruhga qo‘ldan kelgancha yordam berib kelishmoqda", - deb qayd etgan Eron diniy rahnamosi.