Jamiyat | 17:45 / 06.05.2016
19913
6 daqiqa o‘qiladi

Kun chaqaloqlari

Botir Qodirov 
Xonanda Botir Qodirov 1981 yil 6 may kuni Andijonda, san'atkorlar oilasida dunyoga kelgan. Onasi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Zulxumor Qodirova. Botir Qodirov bolaligidanoq qo‘shiq kuylashga ishtiyoqmand bo‘lgan. Maktabni tamomlagandan so‘ng 2000 yil Andijon san'at kollejiga o‘qishga kiradi. Kollejni muvaffaqiyatli tamomlab, Toshkent davlat madaniyat institutining an'anaviy xonandalik fakultetiga o‘qishga kiradi. Ilk ijodini 2005 yil “Seni o‘ylayman” qo‘shig‘i bilan yakkaxon xonanda sifatida boshlaydi. Xit taronalari “Seni o‘ylayman”, “Adashdim” qo‘shiqlari bo‘lib, bugungi kungacha  xonandaning 60 ga yaqin qo‘shiq, 10 ga yaqin klip va 4 ta albomi muxlislarga taqdim etilgan.   Pop, folklor janrida ijod qiladi. 

Qo‘shiqlari:  “Diydor uchun”,  “Yiqildim yomon”, “Ishon”, “Ishq”, “Sog‘inganda yig‘laysanmi?”  “Ona“, “Sevib qolganman”,  “Adashdim”, “Men otamni sog‘inganda”, “Bandasi bor etolmas” “Yonaman”, “Yuragim duk duk uradi”,  “Sevib qolganman yomon”, “Muhabbat keladi”,  “Go‘zalsan”, “Yomon ko‘raman”, “Jim turing”, “Shukrona”. 

Shuhrat Umar (“Shod” guruhi a'zosi) 
“Shod” guruhining sobiq yakkaxoni.  1982 yil 6 may kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan.O‘quvchilik yillaridayoq  musiqaga bo‘lgan qiziqish paydo bo‘lib,  maktabni muvaffaqiyatli tamomlaganidan so‘ng, “estrada va sirk” kollejiga o‘qishga kirdi. Talabalik yillaridayoq kollejda o‘tkazilgan barcha tadbirlarda faol ishtiroki etib, sahna madaniyati va sirlarini  o‘rganadi.  Kollejni amomlab, hujjatlarini “Toshkent davlat san'at (hozirgi “O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat” instituti) institutiga topshiradi.  2000 yilda oliygohdagi kursdoshlari Otabek va Doniyor bilan birgalikda “Shod” guruhiga asos solinganidan so‘ng, ushbu guruh tarkibida sermahsul ijod qila boshlaydi.  Xonanda ushbu guruh a'zosi bo‘lgan paytlarida Doniyor va Otabek bilan birgalikda “Yurak”, “Milaya”, “Xato”, “Aytgin menga”, “Armonim bor”, “Ana mana”,  “Yana-yana”, “Alam”, “Yangi yil”, “Shahlo ko‘zli malikam”, “Rumba”, “Ishontir” kabi qo‘shiqlarni kuylaydi. Oilali. Odinaxon, Robiyaxon va Roziyaxon kabi 3 nafar qizaloqlarning otasi. Ayni damda xonanda Shuhrat Umar yakkaxon xonanda sifatida faoliyat yuritib, mustaqil ravishda yaratgan ilk qo‘shig‘i “Nega endi” deb nomlandi. 

Maksim Fadeyev 
Rus bastakori, aranjirovkachi Maksim Fadeyev 1968 yil may oyining 6 sanasida Rossiyaning Kurgan shahrida tavallud topgan. Otasi Aleksandr Fadeyev kompozitor, onasi Svetlana Faddeyeva ko‘plab rusiyzabon qo‘shiqlar va romanslar muallifi hisoblanadi. Akasi Artem Fadeyev Rossiya estradasi yulduzlari Katya Lell hamda “Glyukoza” ijro etgan qo‘shiqlar musiqasi muallifidir. Maks Fadeyev bolaligidanoq musiqaga mehr qo‘yib, 5 yoshga to‘lganida musiqa maktabiga qatnay boshlaydi. 12 yoshida bas-gitara musiqa asbobini mahorat bilan chalib, 15 yoshida musiqa maktabining biryo‘la ikkita, fortepiano va dirijyor-xor bo‘limiga qabul qilinadi. 

Avvaliga “Konvoy”  guruhida bek-vokalist, keyinchalik  guruhning yakkaxon xonandasi sifatida ijod qila boshlaydi. 1990 yilda Maksim Fadeyev «Yalta-90» konkursida ishtirok etib, unda 3-o‘rnini qo‘lga kiritadi. 1993 yilda Rossiya shoumeni Sergey Krilovning taklifi bilan Moskvaga kelib, ijodiy faoliyatini rus estradasi yulduzi Lindaga prodyuserlik qilishdan boshlaydi va keyinchalik, Total, “Monokini”, “Serebro”, rus estradasi yulduzlaridan “Glyukoza”, Yuliya Savicheva, Irakli, “Per Nartsiss” bilan hamkorlikda  ijod qiladi. 

Shuningdek, Fadeyev o‘zi bilan hamkorlikda ijod qiluvchi ko‘plab rus estradasi yuluzlari kliplarining rejissyori va operatori hamdir. 2007 yilda “Savva” nomli to‘liq metrajli multfilm yaratadi.

Maksim Fadeyev “Bolalar ovozi” shou loyihasining birinchi mavsumiga rahbarlik qildi. Ayrim sabablarga ko‘ra loyihaning uchinchi mavsumiga ishtirok etish taklifini esa rad etadi. Maksim Fadeyev Lindaning sobiq pardozchisi Nataliyaning sobiq turmush o‘rtog‘i hisoblanadi.  Maksim Fadeyev va Nataliyaning Savva ismli o‘g‘il farzandi bor.

Kun.uz sayti xodimlari yuqorida nomlari keltirib o‘tilgan xonandalarni tavallud kuni bilan  muborakbod etib, san'at yo‘lida eng baland cho‘qqilarni  zabt etishiga tilak bildirib qoladi.

Mavzuga oid