Jahon | 09:49 / 10.05.2016
11645
7 daqiqa o‘qiladi

Shusha - Ozarbayjon musiqasining beshigi

Armanistondagi qurolli guruxlar tomonidan Ozarbayjonning qadimiy tarixiy va madaniy markazi bo‘lmish Shusha shahri okkupatsiya qilinganligiga 24 yil bo‘ldi. 1992 yilning 7-8 may kunlari 250 yillik tarixga ega, Qorabog‘ o‘lkasida Panax Ali xon tomonidan asos solingan Shusha shahri yer yuzidan deyarli supurib tashlandi. Shaharning okkupatsiya qilinishi oqibatida ozarbayjon millatiga mansub 23 ming 156 nafar aholi kindik qonlari to‘kilgan makonlaridan haydab chiqarildi. 12 maydan boshlab qurolli guruxlar shaxardagi tarixiy-me'moriy, san'at va diniy yodgorliklarni buzib tashladi. Shu tariqa shahar vayronaga aylandi. Qurolli to‘qnashuv oqibatida 197 shushalik halok bo‘ldi. 300 kishi jaroxat oldi. Shu tariqa Tog‘li Qorabog‘da milliy tozalash jarayonlari boshlandi.

Qorabog‘ xonligining yuragida joylashgan Shusha 1751 yildan 1797 yilga qadar fors shohlari tomonidan istilo qilingan bo‘lishiga qaramay aslo taslim bo‘lmagan edi. 19-20 asrlarda mahalliy aholini ko‘chirish siyosati olib borildi. Buning natijasi o‘laroq mintaqaga arman millatiga mansub aholi ko‘chirib keltirildi, ular o‘z navbatida bu yerda qadimdan armanlar istiqomat qilib kelganini isbotlashga urinishdi.

Jahonda har bir toshi, har bir ko‘chasi musiqa bilan qorishib ketgan shaharlar kamdan kam topiladi. Biz bu borada Avstriya poytaxti Venani, Italiyaning Neapol shahrini tilga olamiz. Ozarbayjonning Shusha shahrini ham mana shu ikki shahar qatoriga qo‘shish mumkin. Tahlilchilar Shushani Ozarbayjon she'riyati va musiqasining beshigi hamda ibodatxonasi, “Kavkaz konservatoriyasi” deb atashadi. Aynan shu shaharda ozarbayjon musiqa sanatining durdonasi bo‘lmish “mug‘om” (maqom) tug‘ilgan.

Mashhur shoir Samad Vurg‘unning so‘zlari bilan aytganda, Ozarbayjonning deyarli barcha mashhur shoir va mashshoqlari Shushada tug‘ilib voyaga yetishgan. Qadimiy davrlardan to shu kunga qadar Shushalik iste'dodli musiqachilar ozarbayjon musiqasini nafaqat o‘z vatanlarida, balki butun dunyoga namoyon qildilar. Shusha va mug‘omni ozarbayjonliklar bir-biridan aslo ajratishmaydi. “Agar sen mug‘om aytishni bilmasang, o‘zingni Shushalik deb ayta olmaysan” yoki “Shushaliklar yo‘rgakdanoq mug‘om ohanglari ostida yig‘laydilar” deyishadi ozarbayjonliklar. Shu sababli ham Shushani “kuylovchi shaxar” deb atashadi. Shushalik xonandalarni nafaqat Ozarbayjonda, balki mintaqadagi boshqa mamlakatlarda ham hurmat qilishardi, e'zozlashardi.

Darxaqiqat XVIII —XIX asrlarda Shushada mashhur xonandalar tomonidan tashkil etilgan buyuk mug‘om maktablari faoliyat yuritgan. Bu maktablar nafaqat Kavkazda, balki butun Yaqin Sharqda mashxur bo‘lgan. XVIII asrda aynan Shushada mashhur shoir Mulla Panoh Voqif yashab, ijod qilgan. Uning ijodi Ozarbayjon adabiyoti va musiqasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Shoirning she'rlari xalq tomonidan qo‘shiq qilinib, kuylandi.

Ozarbayjon xalqi qadimiy va boy musiqa durdonasiga ega. Bu xalqning musiqasiga oid ma'lumotlar eramizdan avvalgi asrlarga oid qoyatosh rasmlarda aks etgan. O‘rta asrlarda yashab ijod qilgan Nizomiy va Fuzuliylar ham o‘zlari mansub bo‘lgan xalqning musiqasi xaqida yozib qoldirishgan. XIX asr oxirlariga kelib Ozarbayjonda musiqa majlislari, jamiyatlari, guruhlari, krujoklari tashkil etilib, ozarbayjon musiqasining rivojiga hissa qo‘shdi.

Musiqashunos Xarrat Gulu Muxammad o‘g‘li(1823-1883) Shushada musiqa maktabi tashkil etib, bu dargoxda mug‘om asoslari o‘rgatila boshlandi. Bu maktab mashhur xonandalarni yetishtirib berdi. Musiqa maktablarida ko‘zga ko‘ringan musiqachilar Sharq musiqasining nozik sirlarini yosh xonandalarga o‘rgatishdi. Musiqa majlislari milliy musiqa ruhini saqlab qolishga, uni ajnabiy ohanglar bilan qorishib ketishiga yo‘l qo‘ymadi. Musiqa, sanat va she'riyatdagi noziq qirralar muhokama qilingan bu kabi majlislar to‘y va turli bayram qo‘shiqlarini asl durdonalar bilan aralashishib ketishini oldini oldi. Bu jamoalar xalq madaniy hayotida katta o‘rin tutishgan.

Tarixchilarning fikricha, Shusha hamisha ozarbayjon xalqining madaniyat markazi, musiqa va sanatining beshigi bo‘lib kelgan. Qorabog‘ xonligining poytaxti bo‘lmish Shusha qisqa vaqt ichida Ozarbayjonga ko‘plab siyosatchi, harbiy arbob, filosof, yozuvchi, shoir, xonanda, bastakor va musiqachi, rassom va arxitektorlarni yetkazib bergan. Jug‘orofiy joylashuvining qulayligi, iqtisodiy rivojlanishi, tabiati go‘zalligi sabab bo‘lsa kerak Shusha uzoq muddat fan, she'riyat, musiqa markazi bo‘lib kelgan. Ozarbayjon tarixida ilk bor teatr, sirk namoyishlari, g‘arb va sharq konsertlari, musiqiy, ilmiy, ma'rifiy yig‘ilishlar ayni shu shaharda paydo bo‘lgan. Bundan tashqari bosmaxona, kutubxonalar, zamonaviy bilim yurtlari, madaniy-ma'rifiy muassasalapr ham ilk bor Shushada ochilgan. Asta-sekin Shusha qo‘rg‘oni atrofida mavzkelar qurila boshlandi. Tog‘li Qorabog‘dagi Shusha shaxriga Panoh-Ali-xon tomonidan 1751 yilda muhofaza qalasi sifatida asos solingan. Avvaliga shahar o‘z asoschisi sharafiga Panohobad deb nomlangan. Keyinchalik esa qalaga yaqin atrofdagi Shushikent qishlog‘ining nomi beriladi va Shusha deya nomlanadi. Shusha 1756 yildan 1823 yilga qadar Qorabog‘ xonligining ma'muriy markazi bo‘ldi. Shusha hamisha Qorabog‘ning toji bo‘lib kelgan.

Havosining tozaligi va musaffoligi sabab shaharga Shusha nomi berilgan. Shusha o‘zbekchada “shisha” nomini anglatadi. Tabiat bu shaharga ko‘plab shaffof buloqlarni inom etgan. O‘tgan asrning 70-80 yillarida Shushaning sotsial-iqtisodiy, madaniy xayotida yuksalishlar davri bo‘ldi. Qo‘riqxona-shahar nomiga sazovor bo‘lgan Shushada 248 ta tarixiy yodgorlik, 8 ta muzey, badiiy galereya, maqbara, 8 ta musiqa maktabi, madaniyat markazi bor edi.

Ming afsuski, 1992 yilning mayida gullab-yashnagan shahar tanazzulga yuz burdi. Maktablar, me'moriy yodgorliklari vayron qilingani bois shaxar deyarli huvillab qoldi. Ozarbayjonning durdonasi bo‘lmish Shushaning egallab olinishi va vayron qilinishi ayanchli holdir. Umid qilamizki, mintaqada tinchlik qaror topib, Ozarbayjon musiqasining beshigi va ibodatxonasi bo‘lmish Shushada yana “Qorabog‘ bulbullari” tomonidan mug‘om oxanglari yangray boshlaydi.

Sharofiddin To‘laganov.

Mavzuga oid