Light | 17:18 / 10.05.2016
5113
2 daqiqa o‘qiladi

Tadqiqotchilar ochlik gormoni bema'ni qarorlarga undashini aniqlashdi

Shvetsiyaning Hyoteborg universiteti olimlari ochlik gormoni inson qabul qiladigan qarorlarga qanday ta'sir o‘tkazishi bo‘yicha tadqiqot o‘tkazishdi. Ilmiy ish bilan Neuropsychopharmacology jurnalida tanishish mumkin. 

Tadqiqot davomida olimlar kalamushlarga grelin peptid gormoni qanday ta'sir o‘tkazishini o‘rganishdi. Aynan grelin ochlik hissini uyg‘otadi, tanovul qilinadigan ovqat miqdori va yog‘lar massasini oshiradi. 

Olimlar qo‘yidagicha tajriba o‘tkazdi: laboratoriya kalamushlari qafaslarga joylandi va rag‘bat (yemish) evaziga dastakni bosishga o‘rgatildi. Biroq, agar ular dastakni bosmasalar ham rag‘batlantirilar edi – faqat uzoqroq vaqtdan so‘ng. “Sabr” uchun belgilangan yemish hajmi bo‘yicha ko‘proq etib belgilandi. 

Oxir-oqibat ma'lum bo‘ldiki, grelin miqdori oshib ketgan kalamushlar, agar sabr qilsa ko‘proq yemish olishini bilib tursa ham, dastakni beixtiyor bosaverdi. Shuning asosida olimlar ochlik o‘ylamasdan va ko‘p hollarda mantiqsiz qarorlar qabul qilishga undaydi, degan qarorga keldi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish