Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fransiyada Mehnat qonunchiligi islohotlariga qarshi ish tashlashlar o‘tkaziladi
Fransiyadagi 7ta kasaba uyushmalari rahbarlari 17 va 19 may kunlari umummilliy norozilik aksiyasi o‘tkazishlarini e'lon qilishdi. Ular hukumatning mamlakat parlamentini chetlab o‘tgan holda mehnat qonunchiligida islohotlar o‘tkazishiga qarshi shunday yo‘l tutishmoqchi, deb yozadi Le Figaro gazetasi.
Bundan tashqari, kasaba uyushmalari yaqin haftalar ichida islohot loyihasiga qarshi boshqa aksiyalar o‘tkazish imkoniyatini ham rad etishmayapti.
Kasaba uyushmalari hukumat taklif etayotgan islohotlarga qarshi chiqmoqda. Ular parlament deputatlari ma'qullamasdan, loyihani ijro etish mumkin emas, deb hisoblamoqda.
10 may kuni Fransiya hukumati mamlakat Asosiy qonunining 49.3 moddasidan foydalangan holda loyihani ma'qullash niyatida ekanini bildirgan edi. Unga ko‘ra, vazirlar mahkamasi ayrim talablarni bajargan holda qonun loyihalarini parlament muhokamasiga kiritmasdanoq qabul qilishlari mumkin.
Hukumat Mehnat qonunchiligi loyihasi borasida ushbu imkoniyatidan foydalanish niyatida. Chunki Mehnat qonunchiligi islohotlari hukumatni boshqarayotgan sotsialistlar orasida ham turli qarashlarga sabab bo‘lmoqda.
Frantsuzlar allaqachon Mehnat vaziri Miriam Al Komri tomonidan ishlab chiqilgan loyihaga o‘z noroziliklarini bildirib, namoyishlar o‘tkazishgan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, ish beruvchilar ish soatlarini erkin belgilash hamda qo‘shimcha ish soatlari uchun haq belgilashda kasaba uyushmalarini chetlab o‘tgan holda bevosita ishchining o‘zi bilan kelishib olish huquqiga ega bo‘ladi.
Shu bilan birga, ishchilarni bo‘shatish jarayonini ham soddalashtirish ko‘zda tutilgan.
Kasaba uyushmalarining fikricha, qonun loyihasi hukumat ta'kidlayotgandek, ishsizlikka qarshi kurashda yordam berish o‘rniga, birinchi navbatda mehnat sharoitlarini yomonlashuviga olib keladi.