Xitoyda suv toshqinlari tufayli qurbon bo‘lganlar soni 66 nafarga yetdi
Janubiy, Sharqiy va Markaziy Xitoyda 4 may kunida buyon davom etayotgan jala oqibatida kelib chiqqan suv toshqinlari tufayli 66 kishi halok bo‘ldi, yana 10 kishining bedarak yo‘qolganligi qayd etildi. Bu haqda, «Sinxua» agentligi XXR fuqarolik ishlari vazirligi ma'lumotiga asoslanib xabar bergan.
"11 may kuni holatiga ko‘ra, Chjetszyan, Futszyan, Tszyansi, Xubey, Xunan, Guychjou, Sychuan, Yunnan provinsiyalari shuningdek Guansi-Chjuan muxtor hududi hamda Chuntsin okrugida kuchli yomg‘irlar davomida yuz bergan noqulay ob-havo tufayli jami 4,66 mln kishi jabr ko‘rdi. Hududlarda 66 kishi halok bo‘lgan, yana 10 kishi bedarak yo‘qolgan", deyiladi xabarda.
Qayd etilgan hududlarda suv toshqinlari, ko‘chkilar kuzatilmoqda, ko‘pchilik hududlar energiya ta'minotidan uzilib qolgan. Xunanda bir kishi chaqmoq urishi natijasida halok bo‘lgan. 95 ming kishi evakuatsiya qilingan, yana 68 ming kishi insonparvarlik yordamlariga muhtoj ahvolda qolmoqda. 5000dan ortiq uy vayron bo‘lgan, 74 mingdan ortiq uy shikastlangan. Qishloq xo‘jaligi sohasida 268 ming gektar maydon suv ostida qolgan. Iqtisodiy zarar miqdori 5,33 milliard yuanni (820 million AQSh dollari) tashkil etgan.