Sport | 16:08 / 11.05.2016
9767
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda badiiy gimnastika bo‘yicha Osiyo chempionati yakunlandi

Toshkent shahridagi Badiiy gimnastika bo‘yicha bolalar-o‘smirlar ixtisoslashtirilgan respublika olimpiya zaxiralari sport maktabida badiiy gimnastika bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionati yakuniga yetib, g‘olib va sovrindorlar nomi ma'lum bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar tarqatgan.

Xalqaro gimnastika federatsiyasi va Osiyo gimnastika uyushmasi shafeligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Gimnastika federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur qit'a chempionatida Osiyoning yetakchi sportchilari g‘oliblik uchun kurash olib borishdi. 

Uch kun davom etgan musobaqalarda shaxsiy va guruhlar o‘rtasida ko‘pkurash va alohida predmetlar yordamida mashq bajarish bo‘yicha bahslar o‘tkazildi. Gimnastikachi qizlarning halqa, to‘p, bulava va tasma bilan mashq bajarishi, ijro mahorati, musiqa va ritmni his etishi, chaqqon va nafis harakatlari muxlislarga zavq bag‘ishladi. 

Shaxsiy hisobdagi ko‘pkurash bahslarida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Yelizaveta Nazarenkova kumush medalni qo‘lga kiritdi. Tajribali sportchining alohida predmetlarda bajargan mashqlari ham hakamlar tomonidan yuqori baholandi. U bulavada mashq bajarishda kumush, to‘pda va halqada mashq bajarishda bronza medallarni qo‘lga kiritdi. 

Osiyo chempionatida, shuningdek, Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy, Qozog‘iston gimnastikachilari ham g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi. 

Endi ushbu sport saroyida 13-15 may kunlari badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogi hamda “Happy Caravan” xalqaro turniri o‘tkaziladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish