Jahon | 09:37 / 12.05.2016
4417
2 daqiqa o‘qiladi

Dilma Russeff prezident saroyidan narsalarini olib chiqib ketmoqda

Braziliya prezidenti Dilma Russeff mamlakat senatida uning impichment qilinishi bo‘yicha ovoz berilishi yakunlanishini kutib o‘tirmay, prezident saroyidan o‘zining shaxsiy qarorgohiga narsalarini olib chiqib ketmoqda.

Senat 12 soatdan beri Russeffning o‘z lavozimidan 180 kunga chetlatilishi mumkinligini muhokama qilmoqda. Hozirda so‘zga chiqqan 35 senatordan 28 tasi impichment uchun ovoz berdi. Impichment qabul qilinishi uchun senatning kamida 41 a'zosi ovozi (yarmidan ko‘pi) kerak bo‘ladi.

Meksikaning Vanguardia portalining ta'kidlashicha, Braziliadagi Planalto prezidentlik saroyidan Russeffning Palacio de la Alvorada qarorgohiga prezidentning mulki hisoblanadigan turli suratlar va zeb-ziynatlar tashib bo‘lindi. 

Bundan tashqari, prezident saroyidan chiqishda qo‘shimcha to‘siqlar o‘rnatildi. Agar senatorlar impichmentni ma'qullasalar, davlat rahbari majburiyatlari vaqtinchalik vitse-prezident Mishel Temerga o‘tadi. So‘ngra senat prezidentning iste'foga ketishi masalasini ko‘rib chiqadi. Bunda agar senatorlarning uchdan ikki qismi (54 kishi) iste'fo uchun ovoz bersa, Russeff o‘z lavozimidan batamom ketadi.