Jahon | 15:00 / 12.05.2016
4415
3 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya: KXDR navbatdagi yadro sinovini o‘tkazishga tayyor

Janubiy Koreya milliy mudofaa vazirligi rasmiy vakili Mun San Gyunning so‘zlariga ko‘ra, KXDR istalgan vaqtda navbatdagi yadro sinovini o‘tkazishga shay, deb xabar qilmoqda "Yonxap" agentligi. 

«Rasmiy Pxenyanning ehtimoliy yadro sinoviga bizning qarashimiz aniq va o‘zgarmasdir. Shimoliy Koreya Pangiri sinov poligonidagi tayyorlov ishlarini yakunlagan. Biz u yerdagi voqealar rivojini kuzatib boryapmiz», — deb xulosa qilgan Mun San Gyun.

Agentlik manbalari sun'iy yo‘ldoshdan olingan suratlarga tayangan holda ta'kidlashlaricha, poligon hududida transport vositalari harakati va boshqa faoliyatlar kuzatilmoqda. Avvalgi yadro sinovlari oldidan shunga o‘xshash harakatlar qayd etilgan. KXDR navbatdagi sinovini o‘tkazishga «texnik jihatdan tayyor». Sinovning o‘tkazilishi esa, siyosiy vaziyat va Shimoliy Koreya rahbariyatining uni qanday talqin qilishiga bog‘liqdir. 

18 aprel kuni rasmiy Seul, shimoliy qo‘shnilari beshinchi yadro sinovi o‘tkazish maqsadida faollashayotganini ma'lum qilgan edi. Janubiy Koreya sinov KXDR Mehnat partiyasining navbatdagi s'yezdi arafasida o‘tkazilishini taxmin qilgandi. 23 aprel kuni esa, Pxenyan tashqi siyosat mahkamasi rahbari Li Su Yon, agar AQSh Janubiy Koreya bilan harbiy mashg‘ulotlarga barham bersa, uning mamlakati ham yadro sinovlarini to‘xtatishga tayyorligini bildirgan edi. Ikki kun o‘tgach, AQSh prezidenti Barak Obama KXDR taklifini rad etdi. 

Ta'kidlash kerak, Koreya yarimorolidagi ziddiyat yil boshidan beri taranglashmoqda. Keskinlik 6 yanvar kuni kuchaya boshladi. O‘sha kuni rasmiy Pxenyan vodorod bombasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazgani haqida bayonot berdi. Keyinroq KXDR bir necha marotaba ballistik raketalar parvozini amalga oshirdi. Bu, o‘z navbatida, jahon hamjamiyatining jiddiy tanqidlariga sabab bo‘ldi. BMT esa, Shimoliy Koreyaga nisbatan qat'iy jazo choralari qo‘lladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish