Jahon | 16:55 / 13.05.2016
3784
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniyada 100 mingta shina saqlangan chiqindixona yonib ketdi


Ispaniyada 12 may kuni kechasi avtomobil shinalaridan iborat juda katta chiqindixona yona boshladi. Bu haqda Efe agentligiga tayanib TASS xabar qildi. 

Nashrning ma'lumotiga ko‘ra, yong‘in sodir bo‘lgan joy Sesenya (Kastiliya-La-Mancha avtonom viloyati) hamda Valdemoro (Madrid muxtor viloyati) munitsipalitetlari oralig‘ida joylashgan. Yong‘in taxminan mahalliy vaqt bilan soat 01:20da (Toshkent vaqti bilan 04:20) boshlangan.

O‘tgan yilning oktabr oyi ma'lumotiga ko‘ra, uyumda o‘rtacha 100 mingta shina bo‘lgan. Voqea joyida 21ta o‘t o‘chirish bo‘linmasi hamda ikkita vertolyot yong‘in bilan kurash olib borgan. 

Ayni paytda yong‘in o‘chog‘i osmonida quyuq qora bulutlar hosil bo‘lmoqda. Yong‘in natijasida aziyat chekkanlar to‘g‘risida ma'lumot berilmadi. Yaqinroqda joylashgan aholi yashash punktlari hali ko‘chirilmadi, biroq Sesenya munitsipaliteti rahbariyati qirollik fuqarolarini uylaridan chiqmaslikka va uyga zaharlangan havo kirmasligi uchun deraza oynalarini yopiq saqlashga chaqirdi. Bundan tashqari, mahalliy maktablarning birida mashg‘ulotlar to‘xtatilgan. 

Ikkala muxtor viloyat hokimiyatlari avariya-qutqaruv xizmati ishlarini nazorat qilish uchun juma kuniga belgilangan dasturlarni bekor qildi. Yong‘in sabablari hali aniqlanmadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish