Jahon | 12:15 / 13.05.2016
4738
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Yaponiyaliklar Obamadan uzr kutmayapti

AQSh prezidenti Barak Obama may oyi so‘nggida Yaponiyaga rasmiy tashrifi chog‘ida Xirosima bombardimoni uchun uzr so‘rashga majbur emas. Aksariyat yaponiyaliklar jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida o‘tkazilgan so‘rovnomada ushbu fikrni ma'lum qildi. Bu haqda The Japan Times xabar qildi. 

So‘rovnoma ishtirokchilarining 62 foizi Obama kechirim so‘rashga majbur emasligini bildirdi, ulardan 41 foizi AQSh liderini yadro qurolining targ‘ib etmaslik majburiyatini zimmasiga olishga chaqirdi. 38 foiz aholi esa Obama uzr so‘rashga majbur deb hisoblaydi.

Shu o‘rinda so‘rovnoma qatnashchilari Oq uy rahbari Xirosima va Nagasaki bombardimoni xato bo‘lganini tan olishga majburligini alohida qayd etdi. 

The Wall Street Journal ma'lumotiga ko‘ra, bombardimondan omon chiqqanlar ham uzr kutmayapti. Ular Obamaning tashrifini qo‘llab-quvvatlamoqda va yadro qurolining keng tarqalishiga to‘sqinlik qilishiga umid bildirmoqda. 

“Men nobud bo‘lganlarning jasadlarini ko‘rganman. Farzandini yo‘qotgan ota-onalar, ota-onasi nobud bo‘lgan bolalarni ko‘rganman. Umid qilamanki, o‘z tashrifi chog‘ida Obama boshqa bunday fojia takrorlanmasligiga ishontira oladi”, - dedi 82 yoshli Reyko Yamada. 

Nashr xabariga ko‘ra, Oq uyda Obama kechirim so‘ramasligi hamda uning tashrifini uzr sifatida qabul qilmaslikni ta'kidlashgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish