Otasining ichkilikdagi xurmacha qiliqlarini ko‘tara olmagan o‘g‘il uni o‘ldirib qo‘ydi
Fotih Bo‘ronov (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) 2015 yilning 25 iyul kunidagi “Sen mening bolam emassan!” kabi qichqirig‘idan qishloqda ko‘plar yoqa ushladi. Feruz esini tanibdiki, otasidan shu gapni eshitardi. Ayniqsa, otasi mast bo‘lgan paytlarda bu gaplarni tez-tez takrorlar, onasining axloqsizligini aytib, ularni urib, xo‘rlab kelardi. Bu haqda “Huquq” gazetasi yozmoqda.
Har kungi janjallardan bezigan bolalar birma-bir uyni tark etishga majbur bo‘lishdi. Avval akasi ishlash bahonasida Rossiyaga ketdi. Keyin opasi boshqa qarindoshlarinikida yashashga majbur bo‘ldi. Onasi bir kun avval otasining ayovsiz kaltaklashidan jarohat olib, shifoxonaga ketgandi. Feruz ertalab otasining baqirig‘idan uyg‘onib ketdi. Otasini tinchlantirish uchun yoniga bordi.
Fotih esa o‘g‘lidan nasihat eshitadigan ahvolda emasdi. “Onang buzuq, sen mening bolam emassan”, deya uni urishga chog‘landi. Ayni kuchga to‘lgan yigit otasining o‘zi tomon uzatilgan qo‘llarini siltab yubordi. Fotih muvozanatini yo‘qotib yerga yiqildi. Ustunga suyab qo‘yilgan boltani oldi-da, qahr bilan o‘g‘liga hamla qildi. Feruz otasining qo‘lidan boltani tortib olishga uringanida ikkalasi ham yiqilib tushdi. Feruzning ko‘ziga nafrat to‘lib, shu damda u otasi ekanligini unutdi va tezda o‘rnidan turib, otasidan tortib olgan boltani havoga ko‘tardi. Fotih mastligi sabab hali o‘rnidan turishga ulgurmagandi.
Bolta peshanasiga zarb bilan urilganda hushini yo‘qotdi. Ikkinchi zarbdan so‘ng...
Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi tomonidan Feruz Bo‘ronovga 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.