Jahon | 12:01 / 13.05.2016
5392
3 daqiqa o‘qiladi

Texaslik tadbirkor Gambiya davlat to‘ntarishida ayblandi

Amerikaning Minnesota shtati okrug sudi texaslik tadbirkor Cherno Ndjiyeni Afrikaning Gambiya mamlakatida davlat to‘ntarishini tashkil etganlikda aybdor, deb topdi va unga bir yillik qamoq jazosi tayinladi. Cherno Ndjiye Gambiya prezidenti bo‘lish uchun noqonuniy yo‘ldan foydalanishga uringan, deb xabar qilmoqda Reuters agentligi.

AQShning kelib chiqishi gambiyalik bo‘lgan yana ikki fuqarosi 6 oyga ozodlikdan mahrum etilgan. Jinoiy ishning yana bir a'zosiga sud majlisini kutish uchun yo‘qotgan vaqti jazo, deya e'tirof etildi. 

AQSh adliya vazirligi birmuncha qattiq jazolarni talab qilgan, chunki ayblanuvchilar «noinsoniy va zolim deb hisoblagan tuzum»ni ag‘darishni xohlashgan. Mahkama hay'ati esa, Ndjiyening uchala gumashtasi ham Amerika armiyasida xizmat qilgani, ulardan biri Paape Faal, Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlarda ham ishtirok etganini e'tiborga olgan. 

Sudlanuvchilarning barchasi ayblarini to‘liq tan olishgan. 

2014 yil 30 dekabrida Gambiya poytaxti Banjul shahrida qurollangan kishilar davlat rahbari saroyiga hujum qilishgan edi. Ularning ayrimlari prezident gvardiyasida ham xizmat qilgan bo‘lgan. Ammo qarorgoh qo‘riqchilari hujumni qaytarishga muvaffaq bo‘lishgan. Bu vaqtda Gambiya prezidenti Yayya Jamme xorijiy safarga ketgan edi. 

Muvaffaqiyatsiz urinishdan so‘ng, Paape Faal qayiqda qo‘shni Senegalga qochib, AQSh elchixonasiga kelgan. Bu yerda u FQB xodimlariga Minnesotadagi uyida tintuv o‘tkazishlari uchun ruxsat bergan. 

Faal, shuningdek, Cherno Ndjiye fitnaning tashkilotchisi va moliyaviy ta'minlaganlardan biri ekanini aytgach, u ham huquq-tartibot idoralari kuzatuviga tushgan. Ostin shahri fuqarosi Senegaldan Vashingtonning Dallas nomli aeroportiga uchib kelganida hibsga olingandi. 

Aytish joizki, Gambiyaning hozirgi rahbari Yayya Jamme, o‘z navbatida, hokimiyatni 20 yil muqaddam davlat to‘ntarishi orqali egallagan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish