O‘zbekiston | 19:44 / 13.05.2016
7021
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zMUning 98 yilligi munosabati bilan ma'naviy-ma'rifiy tadbir o‘tkazildi

12 may – Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tashkil topgan kun! Shu qutlug‘ sana munosabati bilan universitet Madaniyat saroyida “Faxrim, ziyo maskanim – Milliy universitet” deb nomlangan katta anjuman bo‘lib o‘tdi. 
– Dunyoda mashhur universitetlar ko‘p, biroq aynan Milliy universitet maqomiga ega bo‘lganlari sanoqligina, – dedi rektor Shuhrat Sirojiddinov anjuman ishtirokchilarini O‘zMUning 98 yilligi bilan muborakbod etar ekan.

Aytish joizki, bu universitet 1918 yil 12 mayda tashkil etilgan. U 1918 yilda Musulmon xalq dorilfununi, 1918-1919 yillarda Turkiston xalq universiteti, 1919-1923 yillarda Turkiston Davlat universiteti, 1923-1960 yillarda O‘rta Osiyo davlat universiteti, 1960-2000 yillarda Toshkent Davlat universiteti deb atalgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 14 sentabrdagi “Toshkent Davlat universitetiga Mirzo Ulug‘bek nomini berish to‘g‘risida”gi Qaroriga binoan Toshkent Davlat universitetiga Sharqning buyuk olimi va mutafakkiri Mirzo Ulug‘bek (Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek) nomi berilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2000 yil 28 yanvardagi “Toshkent Davlat universitetiga “O‘zbekiston Milliy unversiteti” maqomini berish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan bu o‘quv dargohi “Milliy universitet” maqomiga ega bo‘lgan va u Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti deb atalmoqda.

Ayni paytda universitetda 11 ta fakultetida 66 ta kafedra faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, 2 ta ilmiy tadqiqot institutlari, 1 ta ilmiy-tadqiqot markazi, 1 ta ilmiy markaz, 4 ta o‘quv-ilmiy kompleks, 18 ta laboratoriya (Funktsional polimerlar kimyosi, Makrosiklik birikmalar kimyosi, Tabiiy birikmalar kimyosi, Polimerlar kimyosi, Kukunsimon polimer materiallar, Membranalar biofizikasi, Stratigrafiya va cho‘kindi jinslar litologiyasi, Magmatizm va geodinamika, Paxta genetikasi, Biotexnologiya, Eksperimental va tatbiqiy geofizika, Filtratsiya, Sotsiologik tadqiqotlar, Kompyuter lingvistikasi, Fizik-ximik metodlar) hamda ilmiy maktablar faoliyati samarali davom etmoqda.

Shu jumladan, universitetda 3 ta TeMPUS, 2 ta Erasmus Mundus, 2 ta ilmiy hamda 2 ta xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan ikki tomonlama shartnomalar asosida ko‘plab loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Shu bilan bir qatorda universitetimiz olimlari Yevropa komissiyasining yangi Erasmus+ loyihalari tanlovida qatnashib 3 ta (2 tasi milliy, 1 tasi mintaqaviy) loyihani qo‘lga kiritdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish