Jahon | 16:09 / 15.05.2016
8933
2 daqiqa o‘qiladi

KXDR Rossiya yaxtasini tutib qolgani sababini izohladi

Rasmiy Pxenyanning ma'lum qilishicha, rossiyalik sportchilar bo‘lgan "Elfin" yaxtasi Yapon dengizi hududida anglashilmovchilik tufayli to‘xtatib qolingan. Bu haqda Rossiyaning Shimoliy Koreyadagi Chxonjin shahridagi konsulxonasi bosh konsuli Yuriy Bochkarevga asoslanib, RIA Novosti xabar tarqatgan.

Diplomatning qayd etishicha, bu borada qilingan murojaatga mahalliy rasmiylar "bu shunchaki tushunmovchilik tufayli ro‘y bergani" bilan izoh berishgan. Bochkarevning qo‘shimcha qilishicha, yaxta mahalliy vaqt bilan soat 15 may kuni soat 10:00da (Moskva vaqti bilan soat 04:30da) qo‘yib yuborilgan.

Bosh konsulning aytishicha, Shimoliy Koreya baliqchilari dengizda bortiga koreyscha yozuvlar bitilgan yaxtani uchratishgani haqida xabar berishganidan keyin harbiylar dengizga yuborilgan. Endilikda Pxenyan Moskvadan bu yaxta bortiga nega koreyscha yozuv bitilgani bo‘yicha izoh so‘ramoqda.

Eslatib o‘tamiz, 13 may kuni KXDR qirg‘oq qo‘riqlash xizmati mamlakat iqtisodiy hududi chegarasidagi xalqaro suvlarda Rossiya yaxtasini qo‘lga oldi.Yaxta Janubiy Koreyaning Pusan port shahridan Vladivostokka qarab ketayotgan edi. Yaxta Primorening Yelkanli sport uyushmasiga tegishli bo‘lib, uning bortida besh kishi bo‘lgan.U Koson portidan taxminan 80 mil masofada tutilgan, kapitan chegarani qo‘riqlaydigan kema bortiga yetkazilgan. Yaxta shatakka olinib, Shimoliy Koreya qirg‘og‘iga keltirilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish