Jahon | 14:55 / 15.05.2016
9670
2 daqiqa o‘qiladi

Londonning sobiq meri: YeIning maqsadlari Hitlerniki bilan bir xil

London shahrining sobiq meri Boris Jonson Yevropa Ittifoq rejalari va fashistik Germaniya dohiysi Adolf Hitler hamda fransuz imperatori Napoleon Bonapartning maqsadlari o‘rtasida umumiylik ko‘rishini ma'lum qildi. U bu uch tomon ham Yevropani yagona mafkura va yagona boshqaruv ostida birlashtirish maqsadini ifodalagani haqida gapirgan. Uning bu haqdagi so‘zlari Sunday Telegraph nashriga bergan intervyusida keltirilgan.

U shuningdek, tarixda ham rimliklar imperiyasi butun Yevropani bir bayroq ostida birlashtirishga harakat qilishganini eslatib o‘tgan.

"Breksit"ni (Britaniyaning YeI tarkibidan chiqishi bo‘yicha g‘oya) faol ravishda targ‘ib qiluvchi, Konservatorlar partiyasi namoyondasi bo‘lgan Boris Jonson na Napoleon va na Hitler o‘z maqsadiga erisha olmagani haqida gapirgan. U Yevropa Ittifoqi ham ularniki kabi g‘oyani boshqacha usullarda amalga oshirish ekanini ta'kidlagan.

"Gap shundaki, yagona Yevropa g‘oyasiga sadoqatlilik yetishmaydi va bu azaliy muammo. Barcha hurmat qiladigan va qabul qiladigan yagona hokimiyatga erishib bo‘lmaydi. Aynan shuning uchun, bu o‘rinda demokratik vakuum yuzaga keladi", deydi "Breksit" tashabbuskorlari yetakchilaridan biri.

Muolifatdagi Leyboristlar partiyasi vakillaridan biri, "YeIda qolish" kampaniyasi yetakchisi Ivett Kuper Boris Jonsonni "g‘irrom o‘yin olib borish"da ayblagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Jonson Yevropada tinchlikni saqlab turishga xizmat qilayotgan institutni millionlab kishilarning yostig‘ini quritgan natsist diktaturasi bilan qiyoslashi to‘g‘ri emas.

Buyuk Britaniyaning YeIdan chiqishi masalasi hal etiladigan umumxalq referendumi 23 iyun kuniga belgilangan. Unda saylovchilar YeI tarkibidan chiqish yoki YeIda qolish uchun ovoz berishadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish