"Paxtakor" murabbiyi va futbolchisi hakamlarni tanqid qilgani uchun jarimaga tortildi
“Paxtakor” murabbiyi Grigoriy Kolosovskiy OAV orqali hakamlarni keskin tanqid qilgani uchun jarimaga tortildi va ogohlantirildi.
U O‘zbekiston Oliy Ligasining 9-turida "Lokomotiv"ga qarshi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida hakamlarni raqib jamoaga yon bosganlikda ayblagandi.
O‘zbekiston Professional futbol ligasi saytida ma'lum qilinishicha, "Agar ushbu holat yana takrorlansa, bundan ham jiddiyroq jazo tayinlanadi".
Bundan tashqari, “Paxtakor” hujumchisi Igor Sergeyev ham hakamlarni tanqid qilgani uchun jarimaga tortilgan va ogohlantirilgan. Unga nisbatan ham "agar bu holatni takrorlasa, PFL futbolchiga nisbatan yanada jiddiy jazo qo‘llashi" aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, Ravshan Ermatov boshchiligidagi hakamlar boshqarib borgan Toshkent derbisidan so‘ng uchrashuv nazoratchisi Artyom Arutyunov barcha hakamlarga birdek 9 balldan qo‘ygan edi.