O‘zbekiston | 12:01 / 16.05.2016
6582
4 daqiqa o‘qiladi

Respublika ta'lim muassasalarida sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish takomillashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasi hukumatining 2016 yilning 2 mayida qabul qilgan «Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarida sog‘lom ovqatlanishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarida sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish tartibi hamda 2016-2020 yillarda umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarida sog‘lom ovqatlanishni tashkil etishni yanada takomillashtirish choralariga oydinlik kiritilgan. 

Vazirlar Mahkamasi shuningdek, o‘z qarori bilan 2017-2020 yillarda ovqatlanish tizimi mavjud bo‘lmagan umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida oshxonalar tashkil etish hamda umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida faoliyat yuritmayotgan oshxonalar ishini qayta yo‘lga qo‘yish va ularni qayta jihozlash ko‘rsatkichlarini ham tasdiqlagan. 

Qarorga ko‘ra, Respublika sog‘liqni saqlash vazirligining davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlariga, ta'lim muassasalari oshxonalarida sotilayotgan oziq-ovqatlar, oshxonalardagi texnologik uskunalarning sanitar qoidalar, me'yorlar va gigiyenik normativlarga mos kelishi, shuningdek, oshxona ishchilarining sanitar-gigiyenik hamda epidemiologiyaga qarshi talablarga qay darajada rioya etayotganlari borasida chorakda bir marta tekshiruv ishlarini olib borish huquqi taqdim etilgan. Bunda markazlar o‘z tekshiruvlarini Respublika nazorat organlari muvofiqlashtiruvchi kengashi va uning hududiy komissiyalari roziligisiz o‘tkaza oladilar. 

Bundan tashqari, umumta'lim muassasalaridagi oshxonalarni ijaraga berishda, Davlat raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda, qishloq joylarda hududning taraqqiy etganlik darajasidan kelib chiqib, "nol" stavkani joriy etish mumkin bo‘ladi, deb xabar qilmoqda norma.uz sayti.

Ushbu talablar davlat ta'lim muassasalari hududida faoliyat yurituvchi oshxonalarga tegishli. Aniqlik kiritilishicha, ta'lim muassasalaridagi sog‘lom ovqatlanish yuridik shaxs yoki yakkatartibdagi tadbirkor yoxud ta'lim muassasasi tomonidan tashkil etiladi. Bundan avval, yakka tartibdagi tadbirkorga bunday imkoniyat berilmagan edi. 

Oshxonalardagi taomlar menyusi o‘quvchilarning yoshidan kelib chiqqan holda haftalik ro‘yxat asosida tayyorlanadi. Menyular esa, Bosh davlat sanitar vrachi tomonidan tasdiqlangan va oziq-ovqat mahsulotlari tarkibiga oydinlik kirituvchi namunaviy ro‘yxat asosida tuziladi. 

Ta'lim muassasalari oshxonalari faoliyatini yurituvchilar, o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan hamkorlik qilishlari kerak bo‘ladi. Xususan, ular ota-onalar majlislarida taomlar sifati va ovqatlanishni tashkil etishdagi xizmatlarga oid taqdimot-ko‘rgazmalar o‘tkazadi. 

Umumta'lim muassasalarining oshxonalari faoliyatining sifati  o‘quvchilarning ovqatlanishlari darajasi va muassasa rahbariyati tomonidan ota-onalar va o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra aniqlanadi. 

Bundan tashqari, mazkur oshxonalarda tayyorlanadigan taomlar sifatini o‘rganish bo‘yicha maxsus komissiya tashkil etiladi. Uning tarkibiga ta'lim muassasasiga biriktirilgan tibbiyot hamshirasi, sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish masalalari bo‘yicha ta'lim muassasasi mas'ul xodimi va ota-onalar vakillari kiradi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish