Sport | 10:21 / 16.05.2016
3075
2 daqiqa o‘qiladi

"Zenit" "Lokomotiv" bilan durang o‘ynadi va chempionlik uchun kurashdan chiqdi

Sankt-Peterburgning "Zenit" va Moskvaning "Lokomotiv" jamoalari o‘rtasida Rossiya chempionatining 29-turida kechgan uchrashuv 1:1 hisobidagi durang natija bilan yakunlandi.

Sankt-Peterburgda kechgan bu uchrashuvda hisob 10-daqiqada "Zenit" hujumchisi Xalk tomonidan penalti zarbasining aniq amalga oshirilishi orqali ochildi. "Lokomotiv" jamoasi ham birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda penalti tepish imkoniga ega bo‘ldi va nuqtaga yaqinlashgan Aleksandr Samedov aniq harakat qilib, hisobni tenglashtirdi.

O‘yinda shu hisob saqlanib qoldi. Endilikda piterliklar 56 ochko bilan turnir jadvalining uchinchi o‘rnida qolmoqda, "Lokomotiv" esa ochkolari sonini 47taga yetkazib, oltinchi o‘ringa joylashgan.

Oxirgi turda, 21 may kuni "Zenit" Moskvada mahalliy "Dinamo" jamoasiga qarshi o‘ynaydi,  "Lokomotiv"ni esa Saranskning "Mordoviya" jamoasiga qarshi bahs kutmoqda.

Piterliklar yarim himoyachisi Aksel Vitsel va hujumchi Xalk oxirgi turda sariq kartochkalari soni ortib ketgani tufayli jamoaga yordam bera olmaydi. "Lokomotiv"ning piterliklarga qarshi o‘yinda ikkinchi sariq kartochkani olgan holda maydonni tark etgan futbolchisi Aleksey Miranchuk ham oxirgi turni o‘tkazib yuboradi.

Ayni vaqtda turnir jadvalida 28 uchrashuvdan keyin 59 ochko yiqqan TsSKA jamoasi peshqadamlik qilmoqda. Ikkinchi o‘rinda "Rostov" 57 ochko bilan joylashgan. Bu jamoalar 29-turni mos ravishda "Krasnodar" va "Ural"ga qarshi o‘tkazishadi. TsSKA keyingi ikki uchrashuvda mag‘lubiyatga uchragan taqdirida ham "Zenit" bu jamoadan to‘plar nisbatidagi farqlar tufayli o‘zib keta olmaydi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish