Jahon | 18:36 / 17.05.2016
3299
2 daqiqa o‘qiladi

Avstraliyada qadimiy gigant asteroidning izlari topildi

Olimlar bir necha milliard yil avval Yer bilan to‘qnashgan ulkan asteroidning izlarini topishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu to‘qnashuv vayronkor zilzila va sunamilarga sabab bo‘lishi kerak edi. Tadqiqot haqidagi maqola Precambrian Research'da nashr etilgan.

Avstraliyaning shimoli-g‘arbiy qismida topilgan mitti shisha pufakchalar asteroidning qulashidan dalolat beradi. Olimlarning fikricha, ular asteroid qulagan paytda biror moddaning bug‘lanishi natijasida hosil bo‘lgan.

"Zarbning kuchidan modda sayyora uzra sochilib ketgan. Bunday ko‘rinishdagi pufaklar dengiz tubida topilib, ularning yoshi 3,46 milliard yil qilib belgilandi", - deya izoh beradi Avstraliya milliy universiteti olimi doktor Endryu Glikson. 

Bu asteroid qadimiyligi bo‘yicha Yer bilan to‘qnashgan ikkinchi eng katta asteroid ekani taxmin qilinmoqda.

"U paytda hosil bo‘lgan har qanday krater vulqonlar faolligi va litosfera plitalarining harakati sabab yakson qilingan", - deydi olim. 

Uning ehtimoliga ko‘ra, insoniyat bunday to‘qnashuvlarning kichik bir qisminigina biladi. 

Doktor Gliksonning so‘zlariga ko‘ra, 2,5 milliard yoshdan katta bo‘lgan 17ta asteroidning qulaganiga dalillar topilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish