O‘zbekiston | 11:08 / 17.05.2016
14317
5 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada «Biz buyuk yurt farzandlarimiz!» yoshlar festivali davom etmoqda

Yoshlarni mamlakatimizda mustaqillik yillari davomida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlar, demokratik o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishtirish, bu jarayonlarga nisbatan daxldorlik va shukronalik tuyg‘usini shakllantirish, yoshlarni «ommaviy madaniyat»ning salbiy ta'sirlaridan asrash, ularni xalqimiz hamda milliy qadriyatlarimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash kabi jihatlarni maqsad qilgan yoshlar festivali Farg‘onada katta shukuh bilan o‘tmoqda.

16 may kuni viloyatning Uchko‘prik, O‘zbekiston, Rishton, Oltiariq, Qo‘shtepa, Toshloq, Quva, Quvasoy tumanlarida «Bu mening Vatanim!», «Odam savdosi – davr muammosi», «Diniy ekstremizm va terrorizm – yoshlar kelajagiga tahdid», «Siz sevgan qahramonlar», «Hokim va yoshlar», «Vijdonli sotuvchi», «Hech kim mehr va e'tibordan chetda qolmasin!», «Deputat va yoshlar», «Kamolot kutubxonasi», «Ommaviy madaniyat va yoshlar ma'naviyati», «Yoshlar jonli ijro tarafdori», «Zamonamiz qahramonlari», «Biz sog‘lom turmush tarafdorimiz!» kabi loyihalar o‘tkazildi.

Farg‘ona viloyatiga festival doirasida tashrif buyurgan targ‘ibot guruhi vakillari: O‘zbekiston xalq artistlaridan Baxtiyor Ixtiyorov, Aziza Begmatova; O‘zbekiston xalq shoirlaridan Anvar Obidjon, Iqbol Mirzo; O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlardan Begzod Muhammadkarimov, Gavhar Zokirova, Hoshim Arslonov, Murod Rajabov, Matyoqub Matjonov; «Nihol» mukofoti sovrindorlaridan Mashhurbek Raimjonov, Bekzod Bahromov; estrada xonandalaridan Ilhom Farmonov, Otabek Muhammadzohid, Aziz Rajabiy, Saida, Asliddin Do‘stov, Muzaffar Mirzarahimov, Abdujalil Qo‘qonov; teatr va kino aktyorlaridan Munavvara Abdullayeva, Alisher Uzoqov, Otabek Mahkamov, Asatilla Nabiyev, Feruza Normatova, Asqar Hikmatov, Dilshodbek Kattabekov; maqom, opera ijrochilari, shoir, olim va iqtidorli yoshlar ishtirok etdilar.

Kun davomida amalga oshirilgan loyihalar kechki gala-konsert dasturi bilan yakunlandi.

Farg‘onaning har bir ko‘chasidan shoir chiqib kelaveradi. Sababi, azal-azaldan Farg‘ona shoir va ijodkorlar yurtidir. Quva tumani esa haqiqiy shoirlar o‘chog‘i, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ahmad al-Farg‘oniy yurti hisoblangan bu yurtda shoirlar tug‘ilaveradi, ularning ijodi gullayveradi.

«Zamonamiz qahramonlari» loyihasi avvalida O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon so‘z olib, bugungi tinch kunlarimizni madh etuvchi misralari orqali yig‘ilgan yoshlarni osoyishta kunlarimizning qadriga yetishga chorladi.

Quvalik zamonamiz qahramonlaridan biri - Zulfiya Mamajonova. Bu yil Zulfiya uchun chinakam quvonchli yil bo‘ldi. Yurtboshimiz tashabbusi bilan tashkil qilingan «Zulfiya» nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Yana bir zamonamiz qahramoni - O‘zbekiston fanlar akademiyasi tadqiqotchisi Muxtor Darmonov. Iste'dod egalari bilan uchrashgan quvalik yoshlar bundan unumli foydalanib ular haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.

- Bo‘sh vaqtimda qalam tebratib turaman. Quvadan ko‘plab shoir va allomalar yetishib chiqqan. Bu qahramonlarni butun yoshlarga tanishtirishda ushbu loyihaning ahamiyati katta, - deydi kollejning ikkinchi bosqich o‘quvchisi Ziyodullo Abdug‘aniyev.

Faollar «Kamolot kutubxonasi» kitoblari bilan taqdirlanishdi

Oltiariq Pedagogika kasb-hunar kollejida «Kamolot kutubxonasi» loyihasi doirasida viktorina o‘tkazildi.

Tadbir targ‘ibot guruhi vakillari hamda kollej o‘quvchi-yoshlarining kitob, uning inson ma'naviy kamolotida muhim ahamiyati borasidagi suhbat, turli asarlarga oid savol-javoblar bilan boshlandi.

Mehmon san'atkorlarning ijod namunalari, sahnaviy chiqishlari va taronalari yoshlarga quvonch ulashdi.

Loyihada faol ishtirok etgan yoshlar «Kamolot kutubxonasi» kitoblari bilan taqdirlandilar.

 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish