Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BMT: Yamanning qariyb 8 million aholisiga ochlik tahdid solmoqda
BMT gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi direktori Jon Gingning Yamanga safari yakuni bo‘yicha bayonotiga ko‘ra, Yaman Respublikasining 7,8 mln fuqarosi xalqaro oziq-ovqat xavfsizligi me'yori bo‘yicha iste'mol mahsulotlarining jiddiy tanqisligini boshidan kechirmoqda.
"7,8 milliondan ortiq inson oziq-ovqat mahsulotlariga muhtoj. Xalqaro oziq-ovqat xavfsizlik me'yoriga ko‘ra, ular ochlik belgisidan bir daraja yuqorida turibdi. Bu jiddiy holatdir", - degan Jon Ging.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat aholisi achinarli vaziyatda kun kechirmoqda. 10 mln.dan ortiq odam sog‘liqni saqlash sohasida dastlabki tibbiy xizmatlarga muhtoj, 7,5 mln. kishi toza ichimlik suvidan mahrum. Mamlakat ichkarisida ko‘chganlarning soni 2,5 millionni tashkil etadi.
Gingning qayd etishicha, 2015 yil mart oyida isyonchilar va hukumat qo‘shinlari o‘rtasida boshlangan qurolli to‘qnashuvlargacha Yamandagi vaziyat o‘ta murakkab bo‘lgan, ammo jangovar harakatlar boshlangach u butunlay izdan chiqib, gumanitar fojia yoqasiga kelib qolgan. BMT boshqarmasi rahbari ma'lumotiga ko‘ra, Yaman jahon hamjamiyati jiddiy diqqat-eʼtibori qaratilgan 4ta inqirozli mintaqadan biridir.
Shunga qaramay, dunyo mamlakatlari BMTning Yaman aholisiga zudlik bilan yordam ko‘rsatish uchun mablag‘lar ajratishni so‘rab qilgan murojaatlarini e'tiborsiz qoldirmoqda.
"Biz 1,8 mlrd dollar ajratishni so‘ragandik, ammo joriy yilning o‘tgan davri mobaynida biz ushbu summaning atigi 16 foizini oldik, xolos", - deb vaziyatni tushuntirgan Ging.
BMT ma'lumotlariga ko‘ra, hukumat va isyonchilar o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar oqibatida 6,4 mingdan ortiq odam o‘lgan, 30 mingdan ortiq kishi tan jarohati olgan. Halok bo‘lganlarning 930 nafari yosh bolalar ekani alohida qayd etilmoqda.