Texnologiya | 13:41 / 18.05.2016
3295
2 daqiqa o‘qiladi

Kia orqa g‘ildiraklari yetakchi bo‘lgan ikkinchi sedani sinovlarini boshladi

Kia kompaniyasi orqa g‘ildiraklari yetakchi bo‘lgan yana bir sedanining yo‘llarda sinash ishlarini boshladi. Ayni vaqtda, Quoris modeli kompaniyaning orqa o‘q vositasida harakatlanadigan yagona mashinasi edi. Test prototipining ilk suratlarini Auto Express chop etgan. Avtomobil 2017 yil boshida Detroyt avtosalonida rasman taqdim etiladi. 

Xabar qilinishicha, o‘rta o‘lchamdagi sport sedani o‘zining ba'zi jihatlarini 2011 yilgi Frankfurt motorshousida namoyish etilgan 4 eshikli GT kupesidan o‘zlashtiradi. Yangilik original «yo‘lbars burni» radiator qafasiga ega bo‘lib, uning yontomonlariga yorug‘lik diodlari o‘rnatilgan. 

Taxminlarga ko‘ra, Kianing yangi sedani negizida Hyundai kompaniyasining subbrendi — Genesis modellarida qo‘llaniladigan ortyurituvchi arxitektura yotadi. Motorlar safini 275 ot kuchiga ega, 3,3-litrli V6 va 420 ot kuchini beruvchi 5 litr hajmli V8 dvigatellari to‘ldiradi. 

Yangi model Yevropa bozoriga shuningdek, 200 ot kuchini beruvchi dizelli agregat bilan ham savdoga chiqariladi. Uning ishchi hajmi 2,2 litrni tashkil etadi. Keyinchalik, modelning xo‘jalik elektr tarmog‘idan quvvat olish imkoniga ega gibrid namunasi ham paydo bo‘lishi ehtimol. 

Avvalroq, 2018 yili Janubiy Koreyaning Kia kompaniyasi yangi avlod Rio xetchbekining "kuchaytirilgan" GT-versiyasini ishlab chiqishi ma'lum bo‘lgandi. U Ford Fiesta ST bilan raqobat qilishi kutilmoqda. Mashinaga 180 ot kuchiga ega 1,6 litrli "turboto‘rtlik" o‘rnatiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish